Turmush chorrahalarida: Ota o‘kinchi

- Ha, nega qovog‘ing soliq, tinchlikmi? - Ishdan qaytgan Samandar Naziraning avzoyiga qarab, xavotirlanib so‘radi.

- Tinchlikmas, ko‘chib ham qutulmadik. Ana, uyda otangiz o‘tiribdi, hoynahoy,biz bilan yashayman, deb kelganga o‘xshaydi. Sizda gapi bor ekan, menga aytmadi.

- Ovozingni o‘chir, eshitib qolsa, xafa bo‘ladi.

- Eshitsa, eshitar, - Nazira eriga zarda qildi.

Shovqinni eshitib, Norqul buva uydan chiqdi.

- Hoy, hoy, nima bo‘ldi, butun domni boshlaringga ko‘taryapsanlar? - u o‘g‘li bilan keliniga dashnom berdi.

Norqul buva pensiyaga chiqqach, bunday kunlarga qolaman, deb o‘ylamagan edi. Samandar yolg‘iz o‘g‘li, onasi omonatini topshirgach, otasiga butunlay bemehr bo‘lib qoldi. Xotinining chizgan chizig‘idan chiqmaydi. Norqul buvaning bodi qo‘zib, qon bosimi oshganda rahmatli kampiri dori-darmon so‘rab, xapdori ichirib, oyoqlarini issiqqa o‘rab qo‘yardi. Endi bunday g‘amxo‘rlik qiladigan mehriboni yo‘q. Bechora chol kelinining muomalasidan zada bo‘lib qolgan, yurak hovuchlab o‘tiradi. Nazira Samandarning qulog‘iga quya-quya shaharga ko‘chib ketishga ko‘ndirdi.

- Ota, - dedi Samandar, - qatnab ishlash jonimga tegdi. Shahardan uy oldim, ko‘chamiz. Siz hozircha shu yerda yashab turasiz, sal o‘zimizni eplab olgach, olib ketamiz.

O‘g‘lining otasini yolg‘iz tashlab ketmoqchi ekanligi Norqul buvani qattiq ranjitdi: “Nahotki bu o‘sha yelkamda opichlab katta qilgan o‘g‘lim bo‘lsa”.

- Menga kim qaraydi, bolam?

- Hozircha o‘zingiz bir amallab turasiz, - dedi Nazira erining gapini ma’qullab. - O‘zim xabar olib turaman, ana, qizlaringiz, nabiralaringiz qarashib turadi…

Norqul buva hayhotday hovlida so‘ppayib, o‘zi qoldi. Yegulik-ichkilik tayyorlashga ham xoli kelmaydi. Bazan och-nahor yotadi, uyqusi qochadi, rahmatli kampiri tushlariga kirib, holiga achinib, boshini sarak-sarak qiladi, vahima bosib, dod, deb yuborgisi keladi. Bugun azoyi badani qaqshab, ignaning ustida yotganday ingranib chiqdi. Ertalab Samandarga qo‘ng‘iroq qilib, tusholmadi. Tanish do‘xtirlari ko‘p, olib borar, deb kelgandi. Kelinning gapi suyak-suyagidan o‘tib ketdi. Lekin sir boy bermadi, o‘zini eshitmaganga olib, muddaoga o‘tdi.

- O‘g‘lim, ahvolim yaxshi emas, do‘xtirga olib bor!

- Shuni aytish uchun ovora bo‘lib keldingizmi?

- Axir telefonni ko‘tarmading-da!

- Bugun vaqtim yo‘q, ota, keliningizning ukasi to‘y qilyapti. Hozir bozorga tushib, sovg‘a-salom olib borishimiz kerak. Ertaga vaqtim bo‘lsa, albatta, olib boraman. Xohlasangiz, bugun shu yerda qoling, xohlasangiz, uya qayting.

Norqul buva undan yordam so‘rab kelganiga pushaymon bo‘ldi.

- Mayli, xotining bilan to‘yga boraver. Men uyga qaytaman. Agar malol kelmasa, avtobusga chiqarib kuzatib qo‘yarsan...

- Ota, aytdim-ku, vaqtim yo‘q, bozorga boryapmiz, deb. Ana, narigi kvartalga o‘tsangiz, qishloqqa ketadigan mashinalar bekati bor…

Norqul buva Samandarnikidan qaytgach, tuni bilan to‘lg‘anib chiqdi. Shu paytgacha eng aziz odamim, deb yurgan yolg‘iz o‘g‘li g‘ururini oyoqosti qilgandi.

Ertalab do‘xtirga o‘zi borib kelish uchun yo‘lga otlandi. Hassasini to‘qillatib, og‘ir-og‘ir nafas olib, bekatga yetib keldi. “Xudojon, o‘zing rahm qil, ko‘cha-ko‘yda yiqilib qolmayin”. U holsizlanib, o‘rindiqqa cho‘kdi. Bekatda hech kim yo‘q. Aftidan avtobus hozirgina kelib ketganga o‘xshaydi. Hassasiga suyanib, xayolga toldi. U Samandardan qattiq ranjigan edi. Yoniga kelib to‘xtagan mashina xayolini bo‘ldi.

- Assalomu alaykum, otaxon, tuzukmisiz, nega bu yerda o‘tiribsiz? - haydovchi chaqqon kelib, buva bilan ko‘rishdi.

- Va alaykum assalom, Rustammisan? - Norqul buva Samandarning jo‘rasini tanib, quchog‘ini ochdi. - Ha, qarichilik-da, do‘xtirga bir ko‘rinib kelay, deb chiqqandim, mashina kutib turibman. Xo‘sh, o‘zing bardammisan, kelin, nevaralar yaxshimi?

- Yaxshi, ovora bo‘libsiz-da, Samandar jo‘raga aytmabsiz-da, g‘iz etib olib borib kelardi.

- Ishi ko‘p, bezovta qilmayin dedim, - Norqul buva ovozi titrab, xo‘rsindi.

- Xo‘p, unda mashinaga chiqing, ishga ketyapman, yo‘l-yo‘lakay poliklinikaga tashlab o‘taman.

Norqul buva do‘xtirlarga uchrashib chiqqach, o‘zini ancha tetik his qildi. Baraka topsin, do‘xtir yigit buvani urintirmay, zarur vrachlarni, laborantlarni xonasiga chaqirtirib obdon tekshirdi.

- Xavotirli joyi yo‘q, otaxon, biroz toliqibsiz. Mana bu dorilarni ichsangiz, bir haftada otday bo‘lib ketasiz. Salomat bo‘ling!

- Rahmat, o‘g‘lim, umring uzoq bo‘lsin! - Norqul buva do‘xtir yigitni duo qilib, poliklinikadan chiqdi. Bekatga qarab borar ekan, orqasidan mashina kelib to‘xtadi, qarasa Rustam.

- Qalay, otaxon? Do‘xtirga uchrashib chiqdingizmi?

- Ha, baraka topishsin, obdon tekshirib, dori yozib berishdi, xavotirga o‘rin yo‘q ekan.

- Unda mashinaga mining, sizni uyingizga olib borib qo‘yaman. Yo‘limiz to‘g‘ri kelib qoldi-da!

- Seni ham urintirib qo‘ydim-da, bolam. Baxtimga duch kelganingni qara, bo‘lmasa, ancha sarson bo‘lar ekanman.

Rustam Norqul buvani uyiga olib keldi.

- Baraka top, o‘g‘lim, Xudo omadingni bersin, otangga rahmat! Ovora qildim, uzr, ishdan qoldingda.

- Ish qochmaydi, otaxon. G‘animat otaxonlarning duosini olishdan ham zarur ish bormi?

- Balli, bolam, - Norqul buva Rustamni mehr bilan bag‘riga bosdi. O‘z o‘g‘lidan topmagan mehrni begona yigitdan topgandi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.