"SES"da mahsulotlar xavfsizligini tekshirish uchun qanday sharoitlar yaratilgan?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zebiniso Rahmonova shu savolga javob olish uchun Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Samarqand viloyat boshqarmasi faoliyatini o‘rgandi.
Deputat dastlab boshqarma laboratoriyalarining ish jarayoni bilan tanishdi. Xususan, laboratoriyalarda nafaqat yurtimizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, balki eksport qilinadigan mahsulotlar ham xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tekshirilib, ularga sanitariya-epidemiologik xulosa berilishi aytildi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlarga amaliy yordam bo‘layotganligi ta’kidlandi.
Virusologiya laboratoriyasida yuqumli kasalliklarga qarshi ishlar olib borilayotganligi bilan yaqindan tanishdi. Sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish maqsadida esa boshqarma tomonidan bir necha xizmatlar raqamlashtirilgan.
O‘rganish jarayonida deputat xodimlar bilan fikr almashib, ularning tizim faoliyatini yanada yaxshilash uchun takliflari, tavsiya va muammolarini ham tingladi. Xodimlar bilan o‘tgan uchrashuvda ekologiya va atrof-muhitni toza saqlash, emlash kalendari ahamiyati, fuqarolarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash kabi muhim masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, bog‘chalarning sanitar holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
- Bugungi kunga kelib yuqumli kasalliklarning soni tobora ortib bormoqda. Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish eng muhim vazifalardan biri, – deydi Z.Rahmonova. – Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar faqat markazlarda emas, yurtimizning eng chekka hududlariga ham yetib borishi zarur.