Imkoniyati cheklanganlarning imkoniyatlari

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tasarrrufidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan (kar va zaif eshituvchi) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 61-son maktab-internatiga viloyatimizning barcha tumanlaridan eshitishida nuqsoni bo‘lgan 6 yoshdan 17 yoshga bo‘lgan bolalar qabul qilinib, ularga ta’lim-tarbiya beriladi.

Bu yerda o‘quv tarbiya jarayoni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari va darsliklari asosida tashkil etilgan. Shu bilan birga, o‘quv jarayoniga korreksion darslar, eshitish idrokini rivojlantirish, nutqi va talaffuzini shakllantirish va kasbga yo‘naltiruvchi mashg‘ulotlar kiritilgan.  


Muassasamizda barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi maktab-internati direktori Gulyara Irgasheva. - 300 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binolari va shuncha o‘rinli yotoqxona, to‘garak mashg‘ulotlari uchun maxsus xonalar, kutubxona, oshxona hamda sport maydonlari mavjud. Ayni paytda muassasada 33 ta sinfda 336 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularga 93 nafar defektolog, surdopedagoglar dars berib kelmoqda. Darsdan keyin maktab-internati kun tartibi bo‘yicha o‘quvchilar 65 nafar tarbiyachilar nazoratida bo‘lishadi. 

O‘quvchilar darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun muassasada 30 turdagi fan, kasbga yo‘naltiruvchi hamda sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu to‘garaklarda faol qatnashib kelayotgan o‘quvchilarimiz turli tanlov va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelyapti. Jumladan, 2023 yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi ilm-fan va ta’lim tarbiyani rivojlantirish fondi tomonidan o‘tkazilgan yurtimizning eng faol tashabbuskor, ijodkor yoshlarni aniqlaydigan "Ziyolilar TOP-100" loyihasida maktab-internati o‘quvchisi Tabassum Salimova g‘olib bo‘ldi. Shaxmat-shashka bo‘yicha viloyat ochiq birinchiligida internat o‘quvchilari Shamsiddin Ravshanov, Ozodbek Boliqulov birinchi, Shohruh Burxonov ikkinchi, Tabassum Salimova, Sarvarbek Xushvaqtov uchinchi o‘rinlarni egallagan. Shuningdek, oxirgi to‘rt yil davomida 20 nafarga yaqin bitiruvchi turli yo‘nalishda yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘lishdi. 

Maktab-internatida o‘quv va ta’lim tarbiya jarayonlari “Zamin” xalqaro jamoat fondining “Men eshitishni xohlayman” loyihasi doirasida homiylik sifatida berilgan zamonaviy eshitish apparatlari yordamida olib boriladi. Bundan tashqari, ushbu fond yordami bilan maktab-internatida zamonaviy kompyuter va rabototexnika xonalari tashkil etilib, o‘quvchilar ushbu xonalardan foydalanib kelmoqda. 

Tarbiyalanuvchilarning sog‘liklarini nazorat qilib borishlari uchun tibbiyot xodimlari ham tunu kun xizmat ko‘rsatadi. 

To‘lqin SIDDIQOV,

E’zoza MEYLIYeVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).