Imkoniyati katta qishloqlarda turizm zonasini barpo etish ishlari sust borayotgani tanqid qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi va sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari hozirgi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatda turizm kabi yangi ish o‘rni yaratadigan, investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
- O‘tgan yili Samarqandda o‘tgan Global turizm investitsiya forumida 2,3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgandi, - dedi Prezident. - Lekin ayrim loyihalar bo‘yicha ishlar hamon sust. Masalan, Namangan, Andijon, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va poytaxtdagi loyihalarga haligacha yer tanlanmagan. Sirdaryo va Jizzaxda xorijiy hamkorlarga birorta loyiha taklif qilinmagan.
Shu bilan birga, ishlar to‘g‘ri tashkil etilgan hududlarda natija bor. Masalan, xorijiy investorlar Shahrisabz tumani G‘elon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarlik tog‘-chang‘i kompleksini tashkil qilish, Miraki qishlog‘ida turizm zonasini barpo etish ishlari boshlandi.
Iqlimi, tabiati Shahrisabzga o‘xshash bo‘lgan Ohangaron, Urgut, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Baxmal tumanlari hokimlarida bu borada birorta tashabbus yo‘qligi tanqid qilindi.