Imom Buxoriy majmuasiga kirish nega pullik bo‘ldi?
– Haqiqatan ham bugungi kunda majmuaga kirish uchun mahalliy ziyoratchilar 1000 so‘mdan pul to‘lamoqda, – deydi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi rahbari D.Ermamatov. – Ushbu mablag‘ inshootni saqlash va hududni obodonlashtirish, mehmonlar uchun zarur shart-sharoit yaratish hamda xodimlarga ish haqi berishga yo‘naltiriladi. Shu paytgacha bu xarajatlar majmuaga keluvchi fuqarolarning ehsonlari, homiylar mablag‘i hisobidan qoplangan. Bugungi kunda sayyohlar oqimining keskin ko‘payishi ziyoratgohda ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish hamda ularning xavfsizligini ta’minlashni taqozo etmoqda. Shu sababli ziyoratchilarning majmuaga kirishi pullik tartib asosida yo‘lga qo‘yildi.
Yilning birinchi choragida Imom Buxoriy majmuasini 311 ming nafardan ortiq sayyoh, jumladan, 1900 nafarga yaqin xorijliklar ziyorat qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 146 ming nafarga ko‘p demakdir. Pul tushumi esa 414 million so‘mni tashkil etib, 2017 yilning birinchi choragiga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘ldi.
Ayni paytda dam olish kunlarida majmuaga o‘rtacha 5 ming nafar sayyoh kelmoqda. Navro‘z bayrami kunlari esa 15-17 minggacha ziyoratchi tashrif buyurdi. Birinchi navbatda bu sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash talab etiladi. Shu maqsadda ilgarigi bitta qo‘riqlash posti ikkitaga yetkazilib, tunu kun qo‘riqlov amalga oshirilyapti. Majmua ichida esa "Xavfsiz turizm" xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
F.HASANOV.