Import qilinadigan un va osh tuzi boyitilgan bo‘lishi shart

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 noyabrdagi 260-son qaroriga tegishli qo‘shimcha kiritildi (25.12.2019 yildagi 1035-son VMQga qarang).

Endilikda 2020 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonga I nav bug‘doy uni va osh tuzini faqat mikronutriyentlar bilan boyitilgan holda import qilish mumkin bo‘ladi.

Hozirgi kunda mikronutriyentlar bilan boyitilgan bug‘doy unining darajasi ishlab chiqariladigan va import qilinadigan barcha navdagi unning 30 foizini tashkil etayotgani shunday qaror qabul qilishni taqozo etdi. Mikronutriyentlar bilan boyitilgan unni aholining 56 foizi iste’mol qiladi. Temir yetishmasligi anemiyasi profilaktikasini ta’minlash uchun aholining 90 foizini qamrab olish darkor.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yil 1 yanvardan boshlab mamlakat ichida I nav bug‘doy uni va osh tuzi faqat mikronutriyentlar bilan boyitilgan holda ishlab chiqariladi va sotiladi.

Ma’lumot uchun: mikronutriyentlar inson organizmining normal o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan, o‘rnini boshqa narsa bosa olmaydigan oziq-ovqat moddalari (vitaminlar va mineral moddalar)dir.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.