Indamas egizaklar

Egizaklar Jun va Jennifer Gibbons mutlaqo sog‘lom tug‘ilishdi, ulg‘ayavergach ular negadir dunyodagi barcha odamlarni mutlaqo e’tiborsiz qoldirishga va faqatgina bir-biri bilan muloqot qilishga qaror qilishdi. Qizlar faqat ikkalasigina tushunadigan tilni o‘ylab topib, tarixga “Indamas egizaklar” nomi bilan kirdi. Biroq, ularning hayot yo‘li fojiali va hatto dahshatli bo‘lib chiqdi.
Qora tanli chaqaloqlar 1963 yilda Yamanda Karib dengizi mintaqasidan kelgan muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Tez orada oila yaxshi hayot uchun Uyelsdagi Haverforduestga ko‘chib o‘tdi. Ota-onalar qizaloqlarning nimasidir noto‘g‘ri ekanligini tezda payqashdi, negaki opa-singillar ulg‘aygan sari g‘ayrioddiy tarzda jim yurar va faqat bir-birlari bilan muloqot qilishga ahd qilishgandi.
Paradoks shunda ediki, egizaklar ishlatadigan til shunchaki o‘ylab topilmagan. Oradan ko‘p yillar o‘tib, qizlarni kuzatgan psixiatrlardan biri opa-singillar suhbati yozuvini yaratdi va uni ochishga urinib, egizaklarning magnitofonga yozib olingan nutqi oddiy ingliz tiliga o‘xshab ketganini angladi. Qizlar shunday yuqori tezlikda gapirishardiki, tovushlar uzluksiz oqimga birlashib ketardi.
Gibbonslar maktabdagi yagona qora tanli bolalar edi. Shu sababdanmi yoki o‘jarlik bilan gapirishdan bosh tortganligi bo‘ldimi, maktabda qizlar tengdoshlari tomonidan tahqirlana ketdi. Shundan so‘ng ular yanada odamovi bo‘lib qolishdi. Faqat o‘n to‘rt yoshida, muammo eng yuqori cho‘qqiga chiqqanda, ota-onalari ularni jiddiy davolashga qaror qildi. Shifokorlar opa-singillarni ajratib, turli maktab-internatlarga yuborishni tavsiya qilishdi.
Muammo yanada og‘irlashdi: opa-singillar ajralishga dosh bera olmadi va katatoniya (asosiy klinik ko‘rinishi harakat buzilishi bo‘lib, odam barcha tashqi holatlarni e’tiborsiz qoldiradi) psixopatologik sindromiga uchrab qolishdi. Qizlarining azoblanishini ko‘rishni xohlamagan ota-ona ularni yana uyga qaytarishga qaror qildi.
Egizaklar bir-birlarisiz yashay olmasa-da, bunday yaqinlik ularga har doim ham quvonch keltirmasdi. Jun o‘zining shaxsiy kundaligida “Singlim, ulkan soya kabi, hatto menga tushayotgan quyosh nurlarini o‘g‘irlaydi. U mening azoblarim markazidir”, - deb yozgan. Bir muncha vaqt o‘tgach, opa-singil Gibbonslar roman yozishni boshladi, ammo jurnallar va nashriyotlar bu romanlarda shafqatsizlik va tajovuzkorlik juda ko‘p uchrashini ro‘kach qilib, ularni nashr etishdan bosh tortdi.
Shunda egizaklar ko‘chada izg‘ib yuradigan yomon bolalar to‘dasiga aralashib, o‘g‘irlik qila boshladi, ular do‘konlarni talon-taroj qilib, o‘t qo‘yish uyushtiruvchisiga aylandi. Qo‘lga tushgach, sud egizaklarni majburiy davolanishga jo‘natdi.
Kundalik sahifalarida “Boshqa voyaga yetmagan jinoyatchilar shunga o‘xshash jinoyatlari uchun ikki yil qamoq jazosiga tortilardi. Gapirmasligimiz tufayli biz 12 yil do‘zaxda yashadik”, degan yozuvlar topildi. Kasalxonada qizlar sog‘lig‘iga putur yetkazadigan qattiq trankvilizatorlar berildi.
Kasalxonada bo‘lgan vaqtlarida “o‘z dunyosida yashaydigan” qizlar biri erkin hayot kechirishi uchun ikkinchisi o‘lishi kerak, degan xulosaga keldi. Jennifer singlisi uchun o‘zini qurbon qilishga rozi bo‘ldi. Bu g‘alati o‘lim edi. Qizlar bir klinikadan boshqasiga olib ketishayotgan vaqtda yo‘lda Jennifer egizagining tizzasiga boshini qo‘yib uxlab qoldi.
Ammo yangi shifoxonada shifokorlar uni uyg‘ota olmadi va klinikaga faqat uning jasadi yetib bordi. O‘lim sababi o‘tkir miokardit (o‘rta yurak mushagining yallig‘lanishi) deb nomlandi, zaharlanish yoki g‘ayritabiiy o‘lim izlari topilmadi.
“Umidlarim ro‘yobga chiqdi, men endi ozodman, ozodman! Nihoyat Jennifer mening foydamga o‘z hayotidan voz kechdi”, - deb yozgan edi Jun egizagining o‘limidan so‘ng o‘z kundaligida. O‘shanda u atigi 29 yoshda edi.
Singlisining fojiali o‘limidan so‘ng, Jun hayotining yana bir yilini qattiq rejimli qamoqxonada o‘tkazdi. 2008 yilda u G‘arbiy Uyelsdagi ota-onasining uyidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda tinch va mustaqil hayot kechirayotganligi haqidagi ma’lumotlar bor. O‘tmishini ortda qoldirishga qaror qilgan qiz shifokorlar ko‘rigidan o‘tmay qoldi va jamiyatga to‘liq qabul qilindi.
Egizaklarning hayoti jurnalist va ruhiy salomatlik faoli Marjori Uollesning romaniga aylandi, keyinchalik uning romani asosida “Indamas egizaklar” filmi suratga olindi.