Indoneziyada Islomni targ‘ib qilgan samarqandlik alloma

Viloyat axborot-kutubxona markazida tarixchi olim Komilxon Kattayevning yangi kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondining grant loyihasi doirasida chop etilgan “Chokardizadagi Hanafiya mazhabining buyuk imomlari va olimlari” va “Hazrati Ruhobod shayx Burhoniddin Sog‘arjiy va Ibrohim as-Samarqandiy tarixi” kitoblari kitobxonlar uchun yaxshi tuhfa bo‘ldi.

Komilxon Kattayev Samarqand allomalari hayoti va faoliyati haqidagi 70 ga yaqin kitoblar muallifi. Olimning ilmiy tadqiqotlarida tarixiy shaxslar va joylarni tadqiq etishda manba bilan ishlashi diqqatga sazovor. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, “Ovozi Samarqand” gazetasi muharriri Bahodir Rahmonov va tarixchi olim Muhammadixon Buzrukovlar ushbu kitoblarning ayni shu jihatlarni e’tirof etdi. 

- Komilxon tadqiqotlarida har bir ma’lumotga, avvalo, shubha nazari bilan qaraydi, bu chin olim uchun eng muhim xislat, - deydi maorif faxriysi Abdumalik Majidov. – Aslida bu kabi tadqiqotlar kishidan katta mehnat va sabr-toqat talab qiladi, ayniqsa, buyuk allomalar haqida hech qayerda aytilmagan, ilk ma’lumotlarni taqdim etish bu katta mas’uliyat.

Ushbu risolada XIII asr oxiri va XIV asr boshlarida Indoneziya, Vetnam va Hindi-xitoyda islom dini va tasavvuf targ‘iboti bilan nom qozongan Shayx Burhoniddin ibn Alouddin Sog‘arjiy hamda allomaning Sharqda islom targ‘ibotini davom ettirgan avlodlari hayoti va faoliyati tadqiq etilgan.