Ingichkada MDH davlatlari ichida yagona fabrika ishga tushdi
Avtomobilsozlik, kosmik materiallar ishlab chiqarish, elektronika, zamonaviy tibbiy va va boshqa ko‘plab sohalardagi jihozlarni tayyorlashda muqobili yo‘q bo‘lgan xomashyo – volfram ishlab chiqarish sanoqli davlatlardagina yo‘lga qo‘yilgan.
Ularning biri Kattaqo‘rg‘on shahrining Ingichka qo‘rg‘onchasida joylashgan. Dunyo bozorida bir kilosining narxi 50 dollardan yuqori bo‘lgan hamda zichligi va noyobligi jihatidan olmosdan keyingi o‘rinda turadigan volframsiz bugungi zamonaviy sanoatni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida mazkur ishlab chiqarishning ikkinchi navbatini ishga tushirish tadbiri tantanali marosimga aylanib ketdi. Chunki uzoq yillar to‘xtab qolgan korxona nihoyat yangi quvvat va kuch bilan tiklangani ingichkalarni ish bilan ta’minlagani uchun haqiqiy bayramga ulandi.
Gap shundaki, o‘tgan asrning 70-yillarida Ingichka yirik ruda qazib oluvchi konlari va qayta ishlovchi fabrikasi bilan mashhur bo‘lgan. Ammo orada mazkur konlarning ishlash rejimi ancha pasayib, ishlab chiqarish deyarli to‘xtab qoldi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022 yilda bu yerda konlar faoliyati va ishlab chiqarish katta miqyosda ish boshladi. Bugun loyihaning ikkinchi – qayta ishlab chiqarish navbati ishga tushirildi. Fabrikani loyihalashtirish ishlari kombinatning loyiha ishlari boshqarmasi tomonidan, texnologik uskunalarni o‘rnatish va binolarni rekonstruksiya qilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi.
Uning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Shukurov, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur loyihaning davlat, jamiyat va aholi uchun ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
- Fabrikada jami 9 turdagi 43 ta yangi texnologik uskunalar o‘rnatilgan, kimyo laboratoriyasi, tahlil laboratoriyasi, boyitish tajriba sexi, maishiy binolar qurib bitkazildi, - dedi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Zohid Ishmuhammedov. - Loyihaga ko‘ra, fabrikada Ingichka volfram konining 12 million tonnadan ziyod texnogen chiqindilari qayta ishlanadi. Fabrikaning ikkinchi navbati to‘liq ishga tushgach, yiliga 85 tonna volfram konsentrati olinadi.
2022 yilda ushbu loyihaning I bosqichi ishga tushirilib, yiliga 100 tonna volfram konsentratini olish yo‘lga qo‘yilgan hamda 82 ta yangi ish o‘rni yaratilgan edi. Buning natijasida 2023 yilda 5,7 mlrd. so‘mlik 100 tonna volfram konsentrati olindi. 1,8 million dollarlik qo‘shimcha eksportbop 27 tonna volfram shtabiklari tayyorlandi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida volfram tarkibli 27,9 mlrd. so‘mlik 36 tonna qattiq qotishmali kompozit mahsulotlari ishlab chiqarilib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy bo‘linmalariga yetkazib berildi.
Fabrikaning ikkinchi bosqichi ishga tushishi natijasida yiliga jami 185 tonna volfram konsentrati ishlab chiqarish ta’minlanadi. Qo‘shimcha mahsulot hajmi 16,24 milliard so‘mni tashkil etadi.
- Endilikda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ingichka boyitish fabrikasi”ning ishga tushishi natijasida 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi, - deydi fabrikaning ishlab chiqarish bo‘limi rahbari Farhod Shonazarov. – Ilgari volfram rudadan olingan bo‘lsa, bugun texnologiyalar yangilanib, “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da olib borilgan qator tadqiqotlar natijasida chiqindidan volfram olish ishlari amalga oshirilmoqda. Ingichkadagi ushbu fabrikada texnogen chiqindidan 40 foizgacha bo‘lgan volfram qotishmasi olinadi va u kombinatda yana qayta ishlanib, to‘liq holatga keladi. Aytish kerakki, mazkur fabrikadagi konsentrat dunyodagi eng tozalaridan biri sanaladi va dunyo bozorida o‘z bahosiga ega. Shuning uchun ushbu mahsulotning 95 foizi xorijga eksport qilinadi.
Mazkur fabrikada, shuningdek, ma’muriy binolar, oshxona, laboratoriyalar to‘liq rekonstruksiya qilinib, anjumanda ushbu rekonstruksiya ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh xodimlar taqdirlandi.
Gulruh MO‘MINOVA.