Ingichkada oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar ko‘p

Ingichka qo‘rg‘oni Kattaqo‘rg‘on shahrining eng chekka hududi. Bugun hududdagi Islom shoir nomli mahallada oilaviy tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilib, aholi, ayniqsa xotin-qizlar bandligi ta’minlanyapti.

- Mutaxassisligim tikuvchilik, - deydi Sanobar Tursunova. – Biroq tikuv mashinkasi olib, ish boshlashim uchun mablag‘im yo‘q edi. Hokim yordamchisi ko‘magida “Mikrokreditbank”dan 10 million so‘m kredit olib, bu mablag‘ga 3 ta tikuv mashinkasi xarid qildim. Hozirda tikuvxonamizda 3 nafar xotin-qiz ishlayapti, kelajakda faoliyatimizni kengaytirish niyatidaman.

- Mahallada ehtiyojmand fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun mikrokreditlar olishda ko‘maklashyapmiz, - deydi hokim yordamchisi Murodjon Yahyoyev. – Ish boshlayotgan tashabbuskor yoshlar tikuv mashinkasi olib, ham o‘zi daromad qilyapti, ham uch-to‘rt nafar mahalla yoshlarining bandligini ta’minlayapti. 

Ushbu mahallada yashovchi Nargiza Amirova "Yoshlar daftari"da edi. Mahalla xotin-qizlar faoli Rahima Tojiyevaning tavsiyasi va ko‘magi bilan bankdan 13 million so‘m kredit olib, kasanachilik asosida tikuvchilik faoliyatini boshlagan. Ushbu tikuvxonada mahallada yashovchi 3 nafar xotin-qiz ish bilan band, shuningdek, bu yerda "Ustoz-shogird" an’anasi asosida mahalla yoshlari hunar o‘rganyapti.