Inklyuziv ta’limni qanday rivojlantiramiz?
O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va uning viloyat hududiy bo‘limi tashabbusi bilan Samarqand shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi hamda nogironlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi NNTlar vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov davlatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslarga yaratilayotgan sharoitlar, ayniqsa, nogiron bolalarning boshqa bolalar qatori teng ta’lim-tarbiya olishlari, buning uchun ta’lim jarayonida inklyuziv ta’limni joriy etish lozimligini ta’kidladi.
- Inklyuziv ta’lim barcha o‘quvchilarni qamrab oladi, - deydi O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi raisi Lochin Ernazarov. - Agarda maxsus ta’limda faqat nogironligi bor bolalarning o‘zlari ta’lim olsalar, inklyuziv ta’limda barcha bolalar ta’lim jarayonida teng ishtirok etadi. Shu maqsadda mamlakatimiz ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. O‘quv muassasalarida to‘siqsiz muhitni yaratish standartlarini ishlab chiqish kerak va uni rivojlantirishga qaratilgan va nogironligi bor shaxslarni pozitiv obrazini shakllantirishga yordam beruvchi turli axborot kompaniyalarini o‘tkazish lozim. Eng muhimi, maktablarimizda tyutor, resurs-pedagog kabi shtatlarni kiritish muhim ahamiyatga ega.
Dilmurod To‘xtayev.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.