Insof bergani rost bo‘lsin!

Chekka qishloqda yashovchi Egamqul boboning muxbir yigitga bergan intervyusi

- Muxbir bolam, elimizda

Ko‘p yangi gap bo‘layotir.

Hatto bizning qishloqqa ham

Shamollari kelayotir.

 

Qiziq bo‘ldi tunov kuni,

Ko‘chamizga odam to‘ldi.

Alovuddin chirog‘ini

Ishqaganmi, nima bo‘ldi?

 

Shimargancha yenglarini,

Ishga qattiq bog‘lab beldi –

Hovlimizga besh-o‘n rahbar

Eshik qoqib kirib keldi.

 

Voy-bo‘, buncha savlatdorlar

Atrofimni o‘rayapti,

Biri olib, biri qo‘yib,

Ahvolimni so‘rayapti.

 

Qiziq bo‘lar ekan, meni

O‘zlariga teng ko‘rsa, deng.

Biri vazir, biri hokim:

“Bizga xizmat”, deb tursa, deng.

 

Bolam, bu kattakonlarni

Tilvizo‘rda ko‘rar edim.

Ular bizning holimizni

Bilarmi, deb so‘rar edim.

 

Axir, rahbar degan odam

Kastumiga sig‘masdi-ku.

Yil-o‘n ikki oy salqingina

Kabinetdan chiqmasdi-ku.

 

Hokim buva hukmi – hukm,

Yoniga ham borolmasdik.

Dardimizni aytay desak,

Huzuriga kirolmasdik.

 

Endi esa, hayron qoldim,

Oldimizga kelayapti.

“Mahallabay ishlaymiz”, deb,

Jonga oro kirayapti.

 

Yoqa ushlab qoldim, shoyad,

Ular kelgani rost bo‘lsin.

Hokimlaru vazirlarga

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Yana bir kun belim og‘rib

Turgan edim, bir ish bo‘ldi.

Xuddi shu payt bilgandayin

Uch-to‘rt vrach kirib keldi.

 

Yo, tavba-yey, bular qaydan

Og‘riganim bildi, deyman.

Yo xalq dardin bilgich odam

Boshimizga keldi, deyman.

 

Professor ekan bari,

Na-aq Toshkandan kelishdi.

Bola-baqra, hammamizning

Sog‘lig‘imiz tekshirishdi.

 

Ko‘zimga yosh keldi, bolam,

Ko‘ngillarim erib ketdi.

Ular hatto sihatgohga

Yo‘llanma ham berib ketdi.

 

Tabib o‘z oyog‘i bilan

O‘zi kelgani rost bo‘lsin.

Shifokoru do‘xtirlarga

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Agar bilsang, bu dunyoda

Bonkchi degan kas bo‘lardi.

Ishi tushib borgan odam

Oldida xor-xas bo‘lardi.

 

Qarz olib, mol-hol qilay, deb

Borsak qovog‘in uyardi.

Arzimagan uch-to‘rt so‘mga

Bir dunyo shartin qo‘yardi.

 

Endi esa bonkchi o‘zi,

Qarang, uyma-uy yuribdi,

Mana loyiha, kredit,

Faqat ishlang, deb turibdi.

 

Tadbirkor ham odamlarning

Kam-ko‘stiga qarayapti.

O‘zim bo‘layin, demasdan,

El koriga yarayapti.

 

Ana, biri bog‘cha qurdi,

Biri ishning ko‘zin bildi –

Zo‘r fabrika tashkil qilib,

Yuz odamni ishli qildi.

 

Odamlarga yordam qilib,

Hammani teng ko‘rar bo‘lsang,

Asli insof deganing shul,

Agar mendan so‘rar bo‘lsang.

 

Odamlarga yordam – elga

Ko‘mak, degani rost bo‘lsin.

Tadbirkoru bonkchilarga

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Yana gap ko‘p, ayta bersam

To kechgacha ado bo‘lmas.

Gazetingda bosib chiqsang,

Bu gaplarim xato bo‘lmas.

 

Yurtboshimiz bir keldiyu

Yo‘lga ham son kirib qoldi.

Suvlar keldi, gazlar keldi,

Svetga jon kirib qoldi.

 

Stadion, kutubxona...

Obod qishloq bo‘lib qoldik.

Shahardan hech kamimiz yo‘q,

Ko‘nglimiz but, to‘lib qoldik.

 

Maktab qaddi tiklanyotir,

Ta’lim ham shunga xos bo‘lsin.

Endi domla-mallimlarga

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Uyli bo‘ldi uchastkavoy,

Mahallamiz obod bo‘ldi.

Raisimiz hokimlarning

Maylisidan ozod bo‘ldi.

 

El oralab yurar ular,

Xizmat izzatga mos bo‘lsin.

Oqsoqolu posbonlarga

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Samad qo‘shnim kasal bo‘lib,

Uyda yotib qolgan edi,

Kenjam qanday o‘qitsam, deb,

Boshi qotib qolgan edi.

 

Ming qiz bilan Sharapat ham

Grantlarga kirib ketdi.

Kontraktning tashvishidan

Qo‘shnimni qutqarib ketdi.

 

Ayollaru yoshlarni deb

“Temir daftar” tutilyapti.

Qancha odam ishli bo‘lib,

Kambag‘allikdan qutulyapti.

 

Odamlarning duosini

Olay degani rost bo‘lsin.

Sektor rahbarlariga

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Kecha lekin ozroq izza

Bo‘lib qoldik, muxbir bolam.

Yer yorila qolmadi-yu

Kirib ketolmadik biz ham.

 

EM-ChE-ESdan askarlar kep,

O‘tinimiz yorib berdi.

Sal bo‘lmasa, supra yoyib,

Xamirimiz qorib berdi.

 

Oppoq sochli bir general

Devorimiz oqlay ketdi.

Uyaltirib hammamizni,

Yuragimiz qoqlay ketdi.

 

Axir, uyda devday o‘g‘lim

Tilpon o‘ynab yotgan edi.

Yana biri tilvizo‘rga

Qaragancha qotgan edi.

 

Turib ketdik o‘rnimizdan,

Xijolatdan o‘lay dedik.

“O‘z kuningga yaramasang,

Bu kuningdan o‘l-ey”, dedik.

 

G‘aflat bosmay, odamlar ham

Sal g‘ayratga to‘lsin ekan.

Davlat elim desa, el ham

Shunga loyiq bo‘lsin ekan.

 

O‘g‘illarim bir gektardan

Yerni olib ish boshladi.

Qizim tikuvchilik ochdi,

“Tik-tok”iniyam tashladi.

 

Esi kirdi momongniyam,

Ko‘z yumib u seriyalga,

Nevaralar tarbiyasin

Qayta boshdan oldi qo‘lga.

 

O‘zgardi shu jujuqlaram,

Biri kashta to‘qiyapti.

Biri kampuyter o‘ynamay,

Navoiyni o‘qiyapti.

 

Yangi zamon bolasi-da,

Tarbiyasiyam soz bo‘lsin.

Momonggayam, bollargayam

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Shunday gaplar, muxbir bolam,

Qiziq ishlar bo‘layotir.

Hatto bizning odamlar ham

O‘zgarishlar qilayotir.

 

Bilsang, asli g‘urbat, g‘iybat

Bekorchining ishi ekan.

Eng tinch odam kim, desang, bu

Ishlayotgan kishi ekan.

 

Har bandaning umid bilan

Xudo degani rost bo‘lsin.

Odamlarga ham diyonat,

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Sen-chi, bolam, yaqiningga

Yo‘latmasding-ku har kimni.

Mana, endi o‘zing kelib,

Eshityapsan ahvolimni.

 

Muxbir degan elning dardin

Yozsin-u, so‘zi rost bo‘lsin.

Muxbir bolam, o‘zingga ham

Insof bergani rost bo‘lsin.

 

Qarang, oddiy xalq dardini

O‘ylaydigan bor ekan-da.

Xalqim degan jo‘mardlarga

Xalq duosi yor ekan-da.

 

Bo‘larkan-ku, qisqa vaqtda

Shuncha ishlar qilindi-yey.

Buni ko‘rib do‘st-dushmanning

Tan bergani bilindi-yey.

 

Unutmay endi insofni,

Rahbarlar xalq tomon bo‘lsin.

Shu ishlar boshida turgan,

Yurtboshimiz omon bo‘lsin!

Egamqul boboning so‘zlarini

muxbir Qurbon JONQOBIL

oqqa ko‘chirdi.

(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021 yil

13 fevral, 32-sonidan olindi).