Samarqandning sayyohlik ob’yektlarida xavfsizlik qanday ta’minlanyapti?
Viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan anjumanda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Ismoilov tarixiy-me’moriy yodgorliklar, ziyoratgoh va qadamjolarda favqulodda holatlar sodir bo‘lganda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash borasida yaratilgan sharoitlar, qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
- Viloyatimizdagi tarixiy obidalarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish asosiy vazifalarimizdan biri sanaladi,- dedi I.Ismoilov. – Ayni paytda Imom Buxoriy majmuasida alohida yong‘in-qutqaruv qismi faoliyat olib boryapti, Samarqand turistik markazida vazirligimiz tomonidan maxsus ixtisoslashtirilgan yong‘in-qutqaruv otryadi tuzilmoqda. Markazda ko‘p qavatli mehmonxonalar, Kongress-Xoll va “Abadiy shahar” memorial majmuasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida zamonaviy avtomatik yong‘in o‘chirish, tutundan himoya tizimlari hamda avtomatik yong‘in signalizatsiyasi o‘rnatilmoqda. Shuningdek, yong‘in haqida tezkor xabar berish va evakuatsiyani boshqarish tizimi, yong‘in o‘chirish kranlari tashkil etiladi. Hozirda markazda favqulodda vaziyatlar va tezkor guruhlarning navbatchiligi tashkil etilgan.
Viloyatdagi 26 ziyorat, 10 ta ekoturizm, 7 ta agroturizm ob’yektlari, shuningdek, 8 ta madaniyat saroylari va uylarida hududiy favqulodda vaziyatlar bo‘limlarining xodimlari tomonidan mavsumiy profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Samarqand shahridagi sayyohlar yashaydigan mehmonxonalar, savdo va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari davlat yong‘in nazorati inspektorlari tomonidan o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralari ko‘rilyapti.
Shuningdek, viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi hamda xavfli geologik jarayonlarni kuzatish stansiyasi xodimlari bilan hamkorlikda Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand hamda Nurobod tumanlarining tog‘li hududlarida joylashgan turizm ob’yektlarining holati o‘rganib chiqildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
F.RO‘ZIBOYeV olgan suratlar.