Inson manfaatlari ko‘zlangan hujjat

Dunyoning turli mintaqalarida shiddat bilan sodir bo‘layotgan bugungi ziddiyatli jarayonlarda O‘zbekiston taraqqiyotining rivojlanish yo‘li o‘zini oqlab, naqadar puxta rejalashtirilganligini isbotlamoqda.

Bularning barchasi, jamiyat hayotining turli sohalarida, xususan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi Farmoni bilan bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lsa, 2020 yil 10 avgustdagi Farmon bilan sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga e’tibor qaratilib, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g‘oyaning amaldagi ifodasi sifatida islohotlarning navbatdagi yangi bosqichi boshlab berildi.

Shu munosabat bilan, Farmonda tergov va sud jarayonlarida shaxsning huquq-erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillar to‘plashni mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llanadigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Bunga ko‘ra, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik, ularning himoyaga bo‘lgan huquqini ular ushlangan paytdan boshlab, real ta’minlash, ya’ni, ularni himoyachi bilan holi uchrashuviga qadar so‘roq qilish man etilishi kabi qoidalar belgilanib, tergov-sud jarayonlaridagi protsessual harakatlarning sifat darajasi yanada oshirilib, takomillashtiriladi.

Inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. U bilib-bilmay, tushunib-tushunmay jinoyatga qo‘l urib qo‘yadi. Qonunlarimizda ularning ham huquqlari mustahkamlangan bo‘lib, tergov-sud harakatlari jarayonida ushbu huquqlarni ta’minlashga ularga nisbatan protsessual harakatlarni olib borayotgan mansabdor shaxslarni barchasi majburdirlar.

Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, Farmonda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha yanada samarali mexanizmlarni joriy qilish, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilangan bo‘lib, bu albatta mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshishiga xizmat qilibgina qolmay, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Konstitutsiyamizga ko‘ra, barcha fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

Shu bilan birgalikda, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Biroq, ayrim fuqarolarimiz (jinoyat sodir etgan shaxslar yoki ularning qarindosh-urug‘lari) o‘zlarining burchlari va majburiyatlarini unutib, faqatgina o‘z haq-huquqlarini talab qilib, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklariga putur yetkazib, ularni sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, hatto davlat xizmatchilari yoki mansabdor shaxslarni haqoratlab, obro‘sizlantirish orqali o‘z maqsadlariga yetmoqchi bo‘ladilar.

Farmonda jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish orqali sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligini hamda shaxsga, jamiyatga, davlatga yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplanishini ta’minlashni belgilanishi, Jinoyat kodeksining insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga mos bo‘lib, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Amaldagi Jinoyat kodeksida shaxsning aybni bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilishi, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi, jinoyatni ochish uchun faol yordam berishi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilishi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida e’tirof etilgan bo‘lsada, endilikda agar shaxs qayd etilgan talablarga rioya qilgan bo‘lsa, surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi va ushbu kelishuvga asosan sud tomonidan unga o‘zi aybli deb topilgan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdori yoki muddatigacha jazo tayinlanishi belgilanmoqda.

Bu albatta, jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamasligi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarar hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi haqidagi insonparvarlik tamoyilini ta’minlaydi va jazoni liberallashtirish borasidagi navbatdagi ilg‘or islohot sifatida baholanadi.

Farmonda guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zaruriyati tufayli ularni kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda ko‘rsatuvlarni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo‘yish (deponirovaniye) tartibini joriy qilishni belgilanishi bu boradagi kemtiklarni bartaraf etib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlaydi.

Jinoyat ishlarini sudda ko‘rish jarayonida sudlanuvchini ayblovini og‘irrog‘iga o‘tkazish yoki boshqa shaxsni javobgarlikka tortish lozimligi aniqlangan taqdirda ish bo‘yicha davlat ayblovini quvvatlayotgan prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakilining iltimosiga ko‘ra ishni prokurorga yuborish belgilangan bo‘lib, bu holat ayrim taraflarning, manfaatdor shaxslarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan edi. Endilikda, qayd etilgan holatlar yuzaga kelganda sudga iltimosnoma kiritish huquqi barcha taraflarga berilayotgani noroziliklarga barham beradi.

J.M.Raupov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Samarqand shahar sudining sudyasi.