Inson manzaralari: «Fizaryadka»

- Hoy, hoy, Nima qilyapsiz, - Anzirat momo subhidamda eshik oldini supirayotgan Maxsus buvaning qo‘lidagi supurgiga yopishdi. – Qizlar, kelinlar turganida saksonga kirayotgan qariya uyalmaysizmi?
- Qo‘y, kampir, yana biroz supuray, oyoq-qo‘lim sirqirab chiqdi. Do‘xtir to‘g‘ri aytgan ekan, “fizzaryadka” qilib ancha yengil tortdim. Kampir bo‘lib bunday massaj-passaj qilib qo‘yay demasang, - Maxsum buva quvlik bilan ko‘zini qisdi.
- Boring-ye, qarib quyilmagan chol, uyalmaydi ham, - deya Anzirat momo o‘girilib uyga kirib ketdi.

Muolaja
- Do‘xtir o‘g‘lim, katta rahmat, aytganlaringga amal qilib ancha tuzalib qoldim. Har kuni ovqatdan oldin bir piyola qizil sharob ichib turibman. Yana bir ko‘rikdan o‘tay, deb keluvdim, - Mahmud tog‘a do‘xtirga o‘ng qo‘li bilagini yalang‘ochlab uzatdi.
- Yaxshi, qon bosimingiz joyida, yurak urishingiz me’yorda. Shu rejimga amal qilishda davom eting, - deya do‘xtir Mahmud tog‘ani obdon tekshirib ko‘rdi. – Bir kunda necha marotaba ovqatlanyapsiz?
- Muolaja buyurmaganingdan oldin kuniga uch marta ovqatlanardim, - dedi Mahmud tog‘a. - Sharob tavsiya qilganingdan keyin kuniga olti marta ovqatlanyapman.

Ishqiboz
Saxaddin ashaddiy futbol ishqibozi. Televizorda o‘yin namoyish qilinadigan kun uning uchun bayram. Tomosha qilishga puxta tayyorgarlik ko‘radi. Bugungi o‘yin oldidan ham shunday qildi. Axir kimsan, Ronaldoning jamoasi o‘ynaydi-ya, xotiniga osh damlashni buyurib, televizor ro‘parasiga yaxshilab joylashib oldi. Xotini oshni suzib kelganida Saxaddin uzala tushib xurrak otar, yonida aroq bo‘shagan shisha dumalab yotar, televizorda o‘yin boshlanib ketgandi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.