Inson manzaralari: Xumor

Haqqul buva pensiyaga chiqqach, bir hafta nosqovog‘ini yo‘qotgan noskashday hech qayerga sig‘may kalovlanib yurdi. Qirq yil traktordan tushmay ishga mehr qo‘yib qolgan buva pensiyaga chiqqach, kasbi bunchalik xumor qiladi deb o‘ylamagan edi.

Kampiri Sadaf momo uning ahvolini ko‘rib xavotirga tushib qoldi. “Fol-pol ochirib kelmasam bo‘lmaydi”, deb tong-sahar folbinnikiga jo‘nadi. Qaytib kelsa, choli uyida yo‘q. "Qayerda sanqib yuribdi ekan-a, ishqilib tinchlik bo‘lsin-da. Yo birorta kampirni... yo‘g‘-yey, qarigan chog‘ida o‘ldimi, unaqa qilmas".

Sadaf momo tiq etsa eshikka qarab kunni kech qildi: choldan darak yo‘q. Xavotiri battar kuchayib, o‘g‘illari, qarindosh-urug‘lariga xabar qilsammikan, deb turganida, tashqarida, darvoza oldida to‘xtagan mashinaning ovozini eshitdi. “Ish qilib tinchlik bo‘lsin-da”. Ro‘molini yo‘l-yo‘lakay tuzatib tashqariga yugurdi. "Neksiya"dan kayfiyati chog‘ Haqqul buva tushib kelardi. Yubiley kuni kiygan yap-yangi kostyum-shim, do‘ppi, afti-angoriga qarab bo‘lmaydi –chang, tuproq...

- Voy o‘lmasam, sizga nima bo‘ldi, bu nima ahvol? - Sadaf momo ro‘molining uchini tishlab angrayib qoldi.

- Nimasini so‘raysan kampir, yayrab ishlab keldim! Shuncha yil traktor haydab bugungidek maza qilmagan edim. Voy bo‘, bugun buncha ochilib ketibsan. - Haqqul buva hazillashib Sadaf momoga ko‘zini qisdi.

- Sizga bir balo bo‘lganmi, qarib quyilmagan chol, - Sadaf momo uyalib o‘zini ichkariga urdi.

"Neksiya"ning eshigiga suyanib turgan fermer Olimjon baxtiyor chol-kampirga havasi kelib kulib turardi.

Tog‘aymurod Shomurodov.