Inson qadrini e’zozlagan Konstitutsiya adolat qo‘rg‘oniga aylanadi
Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyot Konstitutsiya va u asosidagi qonunlar ustuvorligi bilan ta’minlanadi.
Albatta, yurtimizda ham milliy qonunchilik inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash tamoyiga asoslangan.
Xususan, Bosh qumusimizda davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. E’tiborlisi, bu tamoyillar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan yanada kengaytirilib, unga inson huquqlarini himoya qilish, shaxsi va hayoti daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha umume’tirof etilgan normalar joriy etilmoqda.
Asosiy qonunning 18-moddasini olib qaraylik. Unda O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib, ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mazkur moddani “O‘zbekiston Respublikasida inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmasdir va ular har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi”, jumlalari bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Albatta, bu shunchaki gap emas. Balki mazkur norma bilan davlatimizda inson qadri va sha’ni ustuvorligi, uning huquq va erkinliklari nafaqat Konstitutsiya, balki xalqaro huquq normalari asosida ham himoya qilinishi kafolatlanmoqda. Bu ko‘p millatli xalqimizning teng huquqliligini, va eng asosiysi, shu jamiyat, davlat va Vatan oldida bir xil qadrli ekanligini anglatadi.
Shuningdek, Asosiy qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda davlatning fuqarolarni himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatish prinsiplari, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Shu ma’noda aytish mumkinki, Konstitutsiyamizda amalga oshirilayotgan bu islohot davlatimizda nafaqat kuchli qonunchilikni shakllantirish, balki ijtimoiy muvozanatni saqlashni ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
Jasur Vohidov,
77601-sonli harbiy qism harbiy xizmatchisi.