Insoniyat tarixidagi eng fojiali “qora tuman”

G‘arbiy Rim saltanatining qulashi bilan boshlangan O‘rta asrni Yevropada bejizga “zulmat asri”, deb atashmaydi. Tarixchilar bu davrda shaharlar va madaniyatlarning  yo‘q bo‘lib ketganini va ko‘p sonli aholining qirilib ketganini ta’kidlashadi. Ushbu davrda sodir bo‘lgan voqealar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib chiqqan tadqiqotchilar milodiy 536 yil insoniyat tarixidagi eng fojiali yil bo‘lgan, degan hulosaga kelishdi.

 Ko‘ngilsizliklar ketma-ketligi

Garvard universitetining tadqiqotchisi Maykl Makkormik 536 yilni insoniyat tarixidagi “eng fojiali davrning” boshlanishi, deya e’tirof etdi. 536 yilda ro‘y bergan fojialar, 1349 yilda butun Yevropa aholisining chorak qismini qirib yuborgan vabo epidemiyasidan, shuningdek, 1918 yilda 100 million insonning hayotiga zomin bo‘lgan “ispanka” grippidan ham dahshatliroq edi. 536 yilda Yer sayyorasining ko‘p qismini sirli tuman qoplab oldi va 18 oy davomida Yevropa va Osiyoni qora tuman tark etmadi.

“Quyosh oy kabi bo‘lib qoldi, yil davomida nursiz porladi”, deb yozadi imperator Yustinian hukmronligining o‘ninchi yilida ro‘y bergan voqea haqida vizantiyalik Prokopiy Kesariyskiy. Prokopiy sirli hodisani “buyuk mo‘’jiza” deb atagan.

Havo harorati yoz oylarida 1,5 – 2,5 darajaga tushib  ketdi. Shu sababli ekin maydonlari hosilsiz qoldi. Shunga o‘xshash voqea Xitoyda ham sodir bo‘ldi. U yerda yozda qor yog‘di. Mamlakatning shimoliy qismida ochlikdan aholining 80 foizi qirilib ketdi. Boshlangan ocharchilik o‘n yil davom etdi. 536 yildan 546 yilgacha bo‘lgan davr so‘nggi 2300 yildagi eng sovuq davr hisoblanadi. Navbatdagi ko‘ngilsizlik 541 yilda sodir bo‘ldi. “Yustian vabosi” ocharchilikdan omon qolgan Yevropa va Yaqin Sharq aholisining ko‘p qismini hayotdan olib ketdi.

“Qora tuman” sirining yechimi

Nima sababdan quyosh oy kabi nursiz bo‘lib qolganiga javob topish maqsadida Makkormik boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi Shveysariyadagi Kolle Nifetti muz qatlamlarini tahlil qilishdi. Tahlillar 536 yilning boshida shimoliy yarim shar atmosferasini qora quyun o‘rab olganini ko‘rsatdi. Islandiyadagi vulqonlardan birining otilishi voqea “aybdori”, degan xulosaga kelindi. Oltingugurt va vismutdan iborat mayda zarrali bulutlar Yevropa osmonini qurshab olgan. Grenlandiya muzliklari tubining tahlili buni tasdiqladi.

Sabab

536–660 yillarni “Kechki antik dunyoning kichik muz davri”, deb atashadi. Bu davrda ob-havo harorati keragidan juda past darajada bo‘lgan. Ammo O‘rtayer dengizi sivilizatsiyasi uchun ocharchilik va vabo tanazzulga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ko‘plab xalqlar uchun ob-havo o‘zgarishlari yirik ko‘chishlarga va keyinchalik siyosiy rivojlanishga olib keldi. Axir har yomonning bir yaxshisi bor deyishadiku?!

Bulardan biri anglosaks qabilalari bu davrda Shimoliy Germaniya qirg‘oqlaridan Britaniya orollariga jadallik bilan ko‘chib o‘tishdi va u yerda bir necha qirollikka asos solishdi. Shuningdek, Slavyanlar ham bu davrda Visla, Dnepr va Karpatlardan uch tomonga - janubga, g‘arbga va sharqqa qarab harakatlana boshladi.

O‘sha davrda harakatlana boshlagan yana bir xalq – bu arablar. Sovuq iqlim Arab yarim orolida yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘ldi. Buning oqibatida mahalliy qabilalarning ot va tuyalari soni oshdi. Bu esa qo‘shni mamlakatlarga harbiy hujumlar amalga oshirilishga imkon berdi.  Muhammad (s.a.v.) 570 yilda tavallud topdi. Uning vorisi halif Umar Ibn al-Hattab hukmronligi davriga kelib, musulmon arablar Vizantiya, Mesopotamiya, Eron, Falastin, Suriya va Misr yerlarini  ishg‘ol qilishdi.

Bekzod Musurmonov tarjimasi.