Intellektual mulk qonunchiligini tizimlashtirish kerak

Keyingi yillarda fuqarolik qonunchiligi tizimida intellektual mulk huquqiga oid qonunchilik tarkiban yangilandi, intellektual mulk huquqini himoya qilishning institutsional asoslari kuchaytirildi, uning davlat boshqaruvi takomillashtirildi, xalqaro-huquqiy normalarning implementatsiyasi amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda mamlakatimiz intellektual mulk huquqiga oid bir qator xalqaro konvensiya va shartnomalarning a’zosi ekanligi bu sohada izchil, alohida xalqaro-huquqiy siyosat olib borishni ham talab etmoqda.

Umuman, bugungi kunda butun dunyoda intellektual mulk ob’yektlari tarkibini kengaytirish, ob’yektlarga alohida huquqiy rejim berish, huquq egalari manfaatlarini himoya qilish tizimini soddalashtirish orqali soha qonunchiligida kodifikatsiya jarayoni olib borilayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga ko‘ra, har bir mamlakat yuqori iqtisodiy va ijtimoiy darajaga erishish, jamiyatda farovonlikni oshirish uchun intellektual mulk muhofazasining kuchli huquqiy tizimiga ega bo‘lishi, mualliflar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Boshqacha aytganda, intellektual mulk huquqiy jihatdan kuchli muhofazaga olinsa, ixtirochilar va ijodkorlar yaratgan ob’yektlardan foydalanishda munosib haq to‘lansa, sohaga investitsiyalar jalb qilinsa, shu orqali iqtisodiyotni taraqqiy ettirish mumkin.

Shu ma’noda, Fuqarolik kodeksining intellektual mulk huquqiga oid normalari va intellektual mulk huquqi bilan bog‘liq o‘ndan ortiq qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni jamlab, alohida yangi kodeksga kiritish vaqti keldi. Qonunlar sonining ko‘pligi ayrim normalarning har bir qonunda takrorlanishi yoki umumiy havola yo‘sinidagi normalarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, sohaga oid qonunlar ilmiy kopsepsiyasi ixchamlashib, yangi kodeksda yaxlit ilmiy, nazariy jihatdan asoslash mumkin bo‘lgan norma va qoidalar jamlanishi mumkin. Asosiysi, huquqni qo‘llash amaliyoti yanada jadallashib, normalarni sharhlash va hujjatlarda aks ettirish imkoniyatlari yanada kengayadi. Fuqarolik kodeksida esa intellektual mulkka oid munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi umumiy normalar bo‘lishi, asosiy tamoyil va ob’yektlar maqomini beruvchi jihatlari belgilansa, yetarli bo‘ladi.

“Intellektual mulk kodeksi”da sohaga oid xalqaro-huquqiy normalarning ham aks etishi ijobiy natijalar berishi mumkin. Intellektual mulkka oid xalqaro normalar yangi kodeksda implementatsiya qilish, unifikatsiya qilish va uyg‘unlashtirish (garmonizatsiya) orqali singdiriladi. Intellektual mulk huquqiga oid xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish zarurati - xalqaro huquq normalarining milliy qonunchilik normalaridan ustunligini ta’minlash, xalqaro huquq normalarini sud amaliyotida qo‘llash mexanizmlarini joriy qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Intellektual mulk huquqi sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali milliy qonunchilik va xalqaro shartnoma qoidalari bir xil bo‘ladi hamda chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarida kollizion (to‘qnash) masalalar o‘z yechimini topadi.

Xulosa qilib aytganda, intellektual mulk ob’yektlari bugungi kunda fuqarolik muomalasiga eng ko‘p kiritiladigan, katta daromad manbi bo‘lgan, butun iqtisodiyoni rivojlantirish va ishlab chiqarish korxonalarini yangi texnologiyalar ko‘rinishida jihozlashga ko‘maklashadigan, inson tafakkurini o‘zgartirish va yangi bilimlar tarqatishga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Shunga ko‘ra, intellektual mulk ob’yektlari va ularning yaratuvchilari bo‘lgan mualliflar huquqlarini yagona “Intellektual mulk kodeksi” orqali muhofaza qilishga o‘tishni davrning o‘zi talab etmoqda.

Boboqul TOShEV,

Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori.