Internetdagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha berilgan e’lonlarga hududiy mehnat organlarining aloqasi yo‘q(mi?)
Kecha, 26 noyabr kuni Zarnews.uz saytida “Internetdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqiqatda bormi?” sarlavhali maqola e’lon qilingani yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasiga hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2017 yil 23 oktyabrdagi “Mehnat organlariga bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) mavjudligi to‘g‘risida va mo‘ljallanayotgan xodimlar ishdan ozod etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibi haqidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 30-B-sonli buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 10 noyabrda 858-4-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Mazkur Nizom talablariga muvofiq, korxona, tashkilot va muassasalar mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, mavjud ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har hisobot oyining 5 sanasidan kechiktirmay mahalliy mehnat organlariga elektron ko‘rinishda taqdim etilishi belgilangan.
Ushbu Nizomga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan www.ish.mehnat.uz veb-sayti joriy etilib, unda korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish joylari to‘g‘risida ma’lumotlarni kiritish uchun korxonaning elektron kaliti orqali (telefon raqami bilan) ro‘yxatdan o‘tgan.
Shu sababli korxona va tashkilotlar ilk bor ushbu veb-sayt orqali ro‘yxatdan o‘tish vaqtida kiritilgan manzili va telefon raqamlari bugungi kunga qadar o‘zgarishsiz qolgan.
Ushbu korxona va tashkilotlarning manzili va telefon raqamlari korxona egasining elektron kaliti orqali o‘zgartirlishi mumkin.
Bunga hududiy mehnat organlarining aloqasi yo‘qligini ma’lum qilamiz.
Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi.
Tahririyatdan: Agar korxona va tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida kiritilgan telefon raqami har xil sabablarga ko‘ra o‘zgargan bo‘lsa yoki ular e’lon berayotganida buni bilmasa, nima qilish kerak? Bo‘sh ish o‘rinlari haqida e’lon berayotgan ish beruvchilarga kimdir bu haqda tushuntirishi kerak emasmi?
www.ish.mehnat.uz veb-saytidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida berilgan e’lonlarning deyarli 80 foizi xuddi shunday holatda. Ya’ni, ish beruvchining telefoni ishlamaydi yoki boshqa kishi ko‘taradi. Ushbu muammoni mas’ul idora vakillari o‘z zimmasiga olmas ekan, yana o‘sha eski gap – xalqni norozi qilib yashayveramiz.