Bandlik tizimida ishlovchi kadrlar ochiq tanlov asosida tanlanmoqda

Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyati filiali bilan viloyat bandlik bosh boshqarmasi o‘rtasida kelishuv imzolangan.

Kelishuvga muvofiq, viloyat bandlik bosh boshqarmasi tizimidagi vakant lavozimlarga talabgorlar hamkorlikda tanlovdan o‘tkaziladi.

Qayd etish lozimki, viloyatda ilk bor tizimdagi Oqdaryo, Jomboy, Qo‘shrabot tumanlari aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari direktori va Nurobod tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari hamda Samarqand tumani, Kattaqo‘rg‘on shahri davlat mehnat huquqi inspektori va Bosh boshqarma bosh davlat mehnat huquqi inspektorlari lavozimlariga rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lonlar berildi.

Hozirgi kunda bosh boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari hamda Urgut tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari lavozimlariga ham ochiq tanlov e’lon qilingan.

Mazkur vakant lavozimi uchun arizalar vacancy.argos.uz sayti orqali qabul qilinib, 200 nafardan ortiq nomzodlardan arizalar kelib tushdi. Saralashning yakuniy bosqichiga qolgan nomzodlar bilan suhbat jarayoni orqali eng munosib deb topilgan nomzodlar meritokratiya tamoyili asosida tizimdagi tegishli yuqori lavozimlarga tavsiya berildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, bosh boshqarmada Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida ilgari surilgan korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, vakant lavozimlarga talabgorlarning intellektual salohiyati va ma’naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq hamda oshkora tanlov tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yilyapti.

Aziz Qayumov,

Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi kadrlar bo‘yicha inspektori.