Internetdagi firibgar samarqandlik fuqaroni chuv tushirdi

Keyingi paytlarda fuqarolarni aldash va firibgarlik yo‘li bilan ularga tegishli bank plastik kartalaridan noqonuniy ravishda pul yechib olish holatlari tez-tez uchrab turibdi.

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 2019 yil 15 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro M.B.ning uyali telefonidagi Telegram ijtimoiy tarmog‘ining “Jesco aksiyasi” guruhidan unga “Siz 75 ming so‘m pul yutdingiz, pulni telefon raqamingizga tashlab beramiz”, degan SMS xabari kelgan. Ushbu xabar orqali M.B.ning telefon raqami va plastik karta raqami aniqlangan. Biroq uning plastik kartochkasiga pul mablag‘i tushmaydi. Aksincha, 868 ming so‘m yechib olingan.

Yana bir holat. Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro B.A. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida joriy yilning 11 yanvar kuni noma’lum shaxs soat taxminan 21:15 larda o‘ziga tegishli bo‘lgan plastik kartochkasidan ma’lum miqdordagi pulni noqonuniy yo‘l bilan yechib olganligini, noma’lum shaxsni aniqlab, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.A. 11 yanvar kuni soat 21:11 larda Samarqand shahridagi xonadonida bo‘lgan vaqtida o‘ziga tegishli oshxona mebelini sotish maqsadida uning suratini internet do‘koniga joylashtirgan. Ko‘p o‘tmay, unga Rossiya Federatsiyasiga tegishli bo‘lgan abonent raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Notanish kishi B.A.ga oshxona mebelini sotib olishini, pulni esa plastik kartaga o‘tkazib berishini aytib, undan plastik kartochkasining seriya raqami va SMS xabaridagi kodni so‘ragan. Tabiiyki, begonaga ishongan fuqaro chuv tushadi – uning plastik kartasidan jami 1 million 442 ming so‘m pul mablag‘i yechib olingan.

Hozirda har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Fuqarolarimizdan internet ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinayotgan turli aksiyalarga ishonmasliklarini, o‘zlari tanimagan-bilmagan shaxslarga bank plastik kartalarining seriya raqamlari va kodlarini aytmasliklarini so‘rab qolamiz”, deya ogohlantirgan IIV.