“Ipak va Buyuk ipak yo‘li – Xanchjoudan Samarqandgacha” ko‘rgazmasi Samarqandda

Xitoy va o‘zbek xalqlarining o‘zaro munosabati juda qadimiy tarixga ega. Ushbu munosabatlarning shakllanishi va rivoji haqida gap ketganida beixtiyor Buyuk ipak yo‘li yodga tushadi.

Ming yillar oldin Xitoyning qadimiy poytaxti Chan’an (hozirgi Sian) shahridan safarga chiqqan dastlabki savdo karvoni ushbu yo‘lning kashf qilinishiga sabab bo‘lgan. Bundan avval “Nefrit yo‘li” va “La’l yo‘li” deb atalgan savdo-karvon yo‘llari ham mavjud edi. Zotan, xitoyliklar nefritga mo‘’jizaviy tosh sifatida qarashib, undan podshohlar saroyini bezash va diniy marosimlar uchun zarur bo‘lgan buyumlarni yasashda foydalanganlar. Shuning uchun ham Xo‘tan va Yorkent hududlaridan olingan bu tosh Xitoy va undan tashqarida sotilgan.

 Shuningdek, “La’l yo‘li” deb atalgan savdo-karvon yo‘li orqali Badaxshon tog‘laridan topilgan la’l hamda Xorazm podshohligida uchraydigan feruza toshlari dunyo bo‘ylab tarqalgan.

  Ammo Buyuk ipak yo‘lining insoniyat oldidagi xizmatlari alohida ekanligini e’tirof etmog‘imiz lozim. Ikki ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan bu yo‘lni kimlar bosib o‘tmagan va nimalar tashilmagan, deysiz? Savdogarlarning tuyalariga yuklangan sandiqlarda qimmatbaho buyumlardan tashqari, xalqlar ijodiyotining o‘lmas namunalari, Sharq va G‘arb mutafakkirlarining buyuk asarlari, ularda bayon qilingan ilmiy, diniy, estetik-tarbiyaviy ahamiyatga molik g‘oyalar dunyo bo‘ylab yoyilgan. Bu yo‘lda buyuk ajdodlarimiz, dunyoga dong‘i ketgan allomalar Abu Ja’far ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Qozizoda Rumiylar hamda islom dini va madaniyatini dunyoga targ‘ib qilishga beqiyos hissa qo‘shgan mashhur yurtdoshlarimiz Ismoil al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, Imom Abu Lays as-Samarqandiy, Imom Kosoniy, Imom Abdul Aziz Marg‘inoniy va “Muttaqadimin Imomlar” (eng qadimgi imomlar)ning oxirgisi hisoblangan Imom Ali as-Sug‘diy kabi zotlarning izlari qolgan.

Xullas, miloddan oldingi II asrda asos solingan bu yo‘lni nafaqat savdo karvonlari bosib o‘tgan, balki u orqali Xitoy, Markaziy Osiyo, Yevropa, Shimoliy Afrika mamlakatlari bilan madaniy aloqalar o‘rnatilgan, elchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, xanlar sulolasining vakili Zang Kian milodgacha bo‘lgan 138-119 yillar davomida ikki marotaba elchi sifatida Turon zaminiga tashrif buyurgan.

Buyuk ipak yo‘lining inson taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyos. Bejizga Birlashgan Millatlar Tashkilotining YuNESKO qo‘mitasi “Ipak yo‘li – muloqotlar yo‘li” nomli keng ko‘lamli xalqaro loyihani qabul qilib, qator ilmiy-madaniy va amaliy tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirmagan. Shu loyiha doirasida 1996 yilda Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Buyuk ipak yo‘lining tiklanishi: madaniy turizm va O‘zbekiston merosining tiklanishi”, 2000 yilda Toshkentda tashkil qilingan “Buyuk ipak yo‘li – 2000”, 2014 yilning 3 oktyabrida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Kengashining 93-sessiyasi bunga misoldir. Shuningdek, O‘zbekiston “Buyuk ipak yo‘lida sayyohlik” loyihasining ham tashabbuskori ekanligini unutmaslik lozim.

Ko‘pchilikni biz ta’riflayotgan yo‘lning nomida nega “ipak” so‘zi mavjudligi qiziqtirsa, ajab emas.

Ma’lumki, 1271 yilda Marko Polo otasi, amakisi va boshqa o‘nta italiyaliklar hamrohligida dengiz-tog‘lardan oshib Shangdu shahriga qarab yo‘l oladi. Bu paytlarda Xitoyning mazkur hududi mo‘g‘ul xoni Xubilayning hukmronligi ostida bo‘lgan. Qariyb 17 yil xonning mehmoni bo‘lgan Marko Polo Xitoyning ko‘pgina hududlarini kezib chiqadi va bu yurtning chiroyi, boyligi va transport yo‘l tizimi rivojidan hayratda qoladi. Bundan tashqari, u savdogarlik kasbidan ham yiroq emasligi bois mahalliy xalqning ishlab chiqarish va savdo-sotiq faoliyati bilan yaqindan tanishishga harakat qiladi. U ayniqsa, janubiy shaharlarda oltin va ipak buyumlari ishlab chiqarish madaniyati yuqori darajada ekanligining guvohi bo‘ladi. Nihoyat, venetsiyalik Marko Polo o‘z yurtiga qaytganidan so‘ng o‘z ko‘rgan-kechirganlari bitilgan “Marko Poloning sayohatlari” nomli kitobida Sharqdan G‘arbga qarab jo‘natilgan karvonlar yo‘lini “Ipak yo‘li” deb atashga ahd qiladi. Mazkur nomga “buyuk” sifatining qo‘shib qo‘yilishi esa nemis olimi Ferdinand fon Rixterning tashabbusi bo‘lib, u XIX asrning oxirlarida nashr qilingan “Xitoy” nomli asarida birinchilardan bo‘lib “Buyuk ipak yo‘li” atamasini iste’molga kiritgan.

Shunday qilib, qit’alarni birlashtirgan ko‘prik vazifasini o‘tagan savdo-karvon yo‘lidan dastlabki davrlarda boshqa mahsulotlardan ko‘ra ko‘proq ipakdan ishlangan matolar tashilgani uchun unga “Ipak yo‘li” nomi berilgani haqiqatligiga ishonish kerak.

Ajabo, shu darajadagi qadr-qimmatga erishib, ulug‘langan ipakning o‘zi qayerda kashf etilib, qanday tarqalgan ekan?! Bu haqida tadqiqotchilar turli farazlarni bildirishsa, oddiy xalq turfa rivoyatlarni aytib kelmoqda. Xitoyda tarqalgan rivoyatlarning birida hikoya qilinishicha, qadimgi imperatorning xotini Si Lingchi choy ichib turganida piyolasiga pilla tushadi. Malika pillani piyoladan olib tashlash uchun tortganida uning tolasi cho‘zilib uzun ipakka aylanadi. Ipak tolasining shu tariqa kashf etgan malika mashhur shaxsga aylanadi.

Ba’zi tadqiqotchilar ipakning dastlabki namunalari Hindistonda paydo bo‘lgan, degan farazni aytganlar. Lekin ko‘pchilik ipakning asl vatani Xitoy deb hisoblaydi. Pilla qurtini boqish va ipak tolasini tayyorlash uzoq vaqt sir saqlanib, uni chetga olib chiqqanlar qattiq jazolangan bo‘lishiga qaramasdan, miloddan avvalgi IV asrdan boshlab ipak Xitoydan Hindistonga olib o‘tilgan va keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham yoyilgan.

Ipakning yurtimizga olib kelinishi haqida ham ba’zi rivoyatlar mavjud. Ulardan birida xitoylik malika Buxoroga turmushga chiqqanida pillani soch turmagiga yashirib olib kelib, ko‘paytirgani haqida hikoya qilinadi. Ushbu rivoyatga ishonish qiyin. Biroq olimlar o‘rganishicha, pilla Farg‘ona, Samarqand, Buxoro shaharlariga Xitoydan yuqorida eslatilgan “Ipak yo‘li”dan yurgan karvonlar orqali keltirilgan. Keyinchalik mahalliy hunarmandlar ipak tolani yetishtirish va shohi matolar to‘qishda xitoyliklardan ustamon bo‘lib ketganlar. Ularning dastgohlarida to‘qilgan parcha, atlas, adras kabi matolardan dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi hukmronlar, zodagonlar, boyvachcha ayollar liboslar tikdirishgan.

Demak, turfa xalqlar iqtisodiy-madaniy aloqalari ramziy belgisiga aylangan ipakning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bu esa ipak va uni tarqatgan yo‘l tarixini o‘rganishga ehtiyoj tug‘diradi. Hozirgi kunda samarqandliklar va shahrimiz mehmonlari ushbu ehtiyojni qondirish imkoniyatiga ega bo‘lib turishibdi. Shu kunlarda Samarqandda Xanchjou shahrida joylashgan Xitoy ipak muzeyi va O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyi hamkorligida tashkil qilingan “Ipak va Buyuk ipak yo‘li – Xanchjoudan Samarqandgacha” ko‘rgazmasi ochilmoqda.

YuNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur tadbirni asosiy mavzusi ipakning kelib chiqishi, uning Buyuk ipak yo‘li orqali Markaziy Osiyoga kirib kelishi haqidagi ma’lumotlardan iboratdir. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilishining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ko‘rgazmani tashkillashtirish vositasida Buyuk ipak yo‘li o‘tgan mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish hamda Buyuk ipak yo‘lini qaytadan dunyoga tanishtirish maqsadi ko‘zlanmoqda.

Ko‘rgazmada dunyoning eng katta yettita muzeyidan to‘plangan 300 ga yaqin eksponat qo‘yilmoqda. Xitoyning turli hududlarida joylashgan yodgorliklardan topilgan pilla yetishtirish va ipak matolarini tayyorlash bilan bog‘liq ashyoviy dalillar namunalari mahalliy tomoshabinlar, sayyohlar diqqatini tortishiga aminmiz. Jumladan, qadimgi ipak yo‘lidagi muhim shaharlardan hisoblangan Turpan vayronlarida olib borilgan qazilmalar paytida 400 dan ortiq qabrdan ipak matolari topilgan. Ko‘rgazmadan Turpan Ostona qabrlari guruhi va ularda topilgan ipak haqidagi ma’lumotlar joy olgan. Yuxan shahridagi Fanshan vayronlaridan topilgan nefrit bilan bezalgan to‘qimachilik dastgohlarining tarixi eramizdan avvalgi 2500 yillarga borib taqaladi.

Ko‘rgazmada, shuningdek, ipakning Markaziy Osiyoga kirib kelishi, ipak matolarining mahalliy naqshinkorlik va to‘qimachilik san’ati asosida shakllangan yangi turlari haqida ma’lumotlar beruvchi eksponatlar ham namoyish qilinadi.

Akademik Ahmadali Asqarov guvohlik berishicha, Janubiy O‘zbekistondagi Sopollitepa yodgorligidan topilgan ipak qoldiqlarining yoshi 3600-3700 yillarga borib yetadi. Farg‘ona viloyatidagi “Mingtepa” qabristonidan topilgan ipak matolari eramizning III-V asrlariga oid va bu qadimgi Farg‘ona Osiyoning to‘qimachilik markazi bo‘lganligi, uning 3 ming yildan ortiq tarixga ega ekanligidan guvohlik beradi.

Mashhur Viktoriya va Albert muzeyi kolleksiyasiga kiradigan Senmurv (yarim it, yarim qush shaklidagi afsonaviy hayvon) va cho‘chqaning boshi tasvirlangan ipak matolari esa ipakning Sosoniylar va Markaziy Osiyodagi sug‘d madaniy hayotida katta o‘rin egallaganidan dalolat beradi.

Har holda ko‘rgazmadan o‘rin olgan eng asosiy eksponatlardan biri Afrosiyob xarobalarida topilgan elchilar qabuli tasvirlangan devoriy surat ekanligini e’tirof etish darkor. Suratda VII asrda Tan sulolasidan kelgan yetti nafar elchining sug‘d podshosi Varxumanga ipakdan tayyorlangan libos va ipak matolarni sovg‘a qilayotgani tasvirlangan.

Xullas, Xanchjoudagi Xitoy ipagi muzeyining Samarqanddagi O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyi bilan yaqin hamkorligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Shanxay xorijiy tadqiqotlar universiteti va Donxua universitetlari qo‘llab-quvvatlashi natijasida “Afrosiyob” muzeyida tashkil qilingan “Buyuk ipak yo‘li – Xanchjoudan Samarqangacha” ko‘rgazmasi Buyuk ipak yo‘li birlashtirgan mamlakatlar, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdek muhim vazifani to‘liq bajarishiga aminmiz.

Shahriyor Safarov,

Li Chensyuy,

Samarqand Konfusiy instituti direktorlari.