“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida YuNESKO kafedrasi ochildi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ipak yo‘li moddiy madaniy merosini o‘rganish va saqlashning dolzarb masalalari” mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium bo‘lib o‘tmoqda.
YuNESKO hamda “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan 20 ga yaqin mamlakat restavrator va olimlari, arxitektura sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar Ipak yo‘li moddiy-madaniy merosini tadqiq etish, ta’mirlash, muzeylashtirish va ommalashtirish borasida o‘z tajribalarini bo‘lishmoqda.
Anjuman ochilishida YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Dilmurod Nasimov, “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti direktori, Mavluda Yusupova ishtirok etib, simpozium ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda hozirgi kunga kadar 8210 ta moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yekti davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, shundan 4788 tasi arxeologiya, 2265 tasi arxitektura ob’yektlari, 625 tasi monumental san’at asarlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi. Madaniy meros ob’yektlarini ta’mirlash juda nozik jarayon bo‘lib, ularning ta’mirlash va tiklash ishlariga o‘z ishining mutaxassislari, ya’ni yetuk xalk ustalarini aynan o‘zbek yo‘nalishdagi salohiyatli ustozodalar va xorijiy mutaxassislarn jalb etilyapti.
Bu borada O‘zbekistonda tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrash, ta’mirlash va restavratsiya ishlari jarayonida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “Arxitektura yodgorliklari rekonstruksiyasi va restavratsiyasi” “Muzeyshunoslik” va “Arxeologiya” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda Shuningdek, mamlakatimizda madaniy meros ob’yektlarining restavratsiya va konservatsiya ishlari bilan bir qatorda, iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlanib kelayotgan turizm sohasiga investitsiyalarni jalb etish va shu orkali sayyohlar okimini oshirish hamda ularga sifatli servis ko‘rsatish asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirilmoqda.
- Samarqand azaldan uzoq yillik o‘tmishi, bir necha asrlik tarixiy obidalarga boyligi bilan yer yuzining sayqali bo‘lib kelgan, - deydi Sara Noshadi. – Shu bois ilk xalqaro simpoziumni ko‘hna kentda tashkil qildik. Mazkur anjumanda arxitektura va arxeologiya yodgorliklarini konservatsiya, restavratsiya kilish va muzeylashtirish tajribasi hamda mamlakatlarining moddiy madaniy merosini saqlash va ommalashtirishning zamonaviy usullari mutaxassislar tomonidan muhokama etilib, eng yaxshi loyihalar Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlar moddiy madaniy merosini saqlab qolish uchun amalda tatbiq etiladi.
Konferetsiya dorasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida YuNESKOning Ipak yo‘li bo‘ylab barqaror meros turizmi kafedrasi ochildi.
- Ushbu kafedrani tashkil qilishdan maqsad Ipak yo‘li moddiy madaniy merosini, jumladan, mamlakatimizdagi moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini asrab-avaylash hamda turizm ikoniyatlarini kengaytirishdan iborat, - deydi ushbu kafedra hamraisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Mastura Siddiqova - Shuningdek, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqaro universitetlar professor-o‘qituvchilari hamkorligida kadrlar tayyorlash, grant loyihalarni amalga oshirish va turizm mahsulotlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Anjuman ikki kun davom etadi va olimlar tomonidan Ipak yo‘li madaniy meros ob’yektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish, tasviriy va bezak san’ati masalalari muhokama qilinib, tajriba almashiladi.