"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetinining 300 nafar bitiruvchisi diplom oldi

Ushbu universitet, 2018 yilda Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan Samarqand shahrida "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetini tashkil etish xususida ilgari surgan taklifiga muvofiq tashkil etilgan.

Markaziy Osiyo va mamlakatimizda yagona turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etilganiga 5 yil to‘ldi va oliygohning 300 nafar bitiruvchilari katta hayotga qadam qo‘ymoqda.

Shu munosabat bilan Samarqand xalqaro turizm markazida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etilganligining 5 yillik yubileyi hamda bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘z olgan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov  universitet hayotida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib, bitiruvchilarni tabrikladi va ularning keyingi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

- Bitiruvchilarimizga o‘tgan to‘rt yil mobaynida AQSh, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Eron, Avstraliya kabi ta’limi rivojlangan davlatlardan kelgan malakali professor, o‘qituvchilar ingliz tilida ta’lim berdi, - dedi A.Abduhakimov. - Endilikda har tomonlama bilimli va zukko bitiruvchilarimiz Yangi O‘zbekistonning turizm salohiyatini yuksaltirishda nafaqat Samarqandda, balki mamlakatimizda ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz.

2021-2022 o‘quv yilida universitetga 8 nafar xorijlik talaba qabul qilingan bo‘lsa, 2022-2023 o‘quv yilida 48 nafar xorijlik talaba o‘qishga qabul qilindi. Yangi o‘quv yilida ularning soni yanada oshishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati tomonidan "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetining magistratura yo‘nalishida tahsil olish uchun xorijlik talabalarga har yili 85 ta kvota ajratib borilmoqda.

- To‘rt yil davomida xorijlik professor o‘qituvchilardan tahsil oldik, - deydi universitet bitiruvchisi Shohruh Sultonov. - O‘qish davomida ustozlarimiz boshchiligida xorij davlatlarida va xalqaro tashkilotlarda malaka oshirib, yutuqlarga erishdik, ishli bo‘ldik. Jumladan, o‘zim ikki marta "Yilning eng bilimli talabasi" va "Yilning eng kuchli mutaxassis talabasi" tanlovida g‘olib bo‘ldim. Hozirda Samarqand shahrida ochilgan Oksford xalqaro maktabida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlayapman.

Tadbir so‘ngida talabalarga diplom topshirildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.