Iqtidorli bitiruvchilar “Samarqand kelajak javohirlari” istiqbolli kadrlar zaxirasiga olindi

Samarqand davlat chet tillar institutida viloyat hokimligi tashkiliy kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev 2024-2025 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasasini bitirayotgan rahbarlik va liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan iqtidorli bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi.
Keyingi yillarda bilimli yoshlar orasidan viloyat hokimligining istiqbolli kadrlar zaxirasi shakllantirib borilmoqda. Masalan, 2020 yilda 331 nafar iqtidorli bitiruvchi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan bo‘lsa, 2024 yilda 542 nafar bitiruvchi zaxiraga olingan. Ayni paytda viloyatda 2356 nafar zaxiradagi istiqbolli yoshlar bor.
Bugun zaxiraga olingan istiqbolli kadrlar viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining tavsiyasiga asosan xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu borada yosh kadrlarning ish faoliyatini yanada takomillashtirish, lavozimga bosqichma-bosqich ko‘tarish va boshqa yoshlarga shaxsiy namuna bo‘lishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
- Joriy yilda ham viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan har tomonlama bilimli va tashabbuskor hamda liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan 602 nafar iqtidorli bitiruvchilarni viloyat hokimligining “Samarqand kelajak javohirlari” istiqbolli kadrlar zaxirasiga oldik, – dedi B.Rahmatullayev. – Ularning ishga joylashuviga yoki magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirishiga imkon qadar yordam beramiz.
Davra suhbatida har bir bitiruvchining kelajakdagi rejalari tinglandi va ularga amaliy yordam berish, ishga joylashishga ko‘maklashish va’da qilindi. Shuningdek, bitiruvchilardan Madinabonu Rajabova o‘zbek tili muzeyini ochish to‘g‘risida taklif berdi.