Iqtidorli o‘quvchilar uchun ajoyib imkoniyat

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti akademik litseyida maktabning 9-sinf bitiruvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” hamda “SamDU olimpiadasi” o‘tkazildi.

Akademik litsey 500 dan ortiq o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda barcha fan va sport to‘garaklari tashkil qilingan. 2023 yilda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 90 foizga yetgan. Shu sababli akademik litsey iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida umumta’lim maktablarning 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 5 ta fandan “SamDU olimpiadasi” o‘tkazdi. Olimpiada matematika, biologiya, fizika, ingliz tili hamda kimyo fanlaridan bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 100 ga yaqin maktabdan 1500 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

- Hozirgi kunda chet tillarini bilish davr talabiga aylandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, - dedi xorijiy tillar kafedrasi mudiri Nasiba Buranova. - Shu sababli o‘quvchilarning bilim salohiyatini tekshirish hamda iqtidorli o‘quvchilarni jalb qilish maqsadida tadbir tashkil etdik. 

Musobaqa ishtirokchilari o‘z bilimlarni sinab, yangi ko‘nikma va do‘stlarga ega bo‘ldi. Olimpiadada yigirma nafar 9-sinf o‘quvchisi g‘olib deb topildi. Ularga maxsus sertifikat hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bunday musobaqalar har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgani katta hayotga qadam tashlayotgan bitiruvchilar uchun ajoyib imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Hilola O‘SAROVA.