Samarqandda Xitoy Xalq Respublikasining 75 yilligi nishonlandi
Samarqandda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir hamda Gansu raqs teatrining konserti o‘tkazildi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti hamda XXRning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat jamoatchiligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun so‘zga chiqib, ikki mamlakat yetakchilarining samimiy munosabatlari, yuksak ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosati tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy aloqalar mustahkamlanib, qamrovi kengayib borayotganini qayd etdi.
– Xitoy va O‘zbekiston aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – dedi Yuy Szyun. – Bu ayniqsa, Buyuk ipak yo‘li tashkil etilgach yanada rivojlangan. Xalqlarimizni nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy hamkorlik aloqalari ham mustahkam rishtalar bilan bog‘lab turadi. Azaliy do‘stlik munosabatlarimiz keyingi yillarda barcha sohalarda rivojlanib borayotganiga guvohmiz. Davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi yil sayin o‘sib bormoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha ham Xitoy yetakchilik qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 2800 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mashinasozlik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar sohalarida bizning kompaniyalarimiz bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Transport kommunikatsiya sohasidagi aloqalar tufayli Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li barpo etilmoqda. Bu savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashi shubhasiz. Mamlakatlarimiz mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik ham bugun kengayib boryapti. Bularning barchasi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 75 yilligini O‘zbekiston xalqi biz bilan birga nishonlayotganidan, madaniy tadbirlar uyushtirayotganidan xursandmiz.
Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yu.Abdullayev so‘zga chiqib, O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarga to‘xtaldilar.
Madaniy dastur davomida Gansu raqs teatri bilan birga Samarqand xalqaro texnologiya universiteti badiiy jamoasi tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbirlar doirasida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.