Iqtisodiy jurnalistika: murakkablikdan ommaboplikkacha

Inflyasiyaning ham jamiyatga foydasi bo‘lishi mumkinmi? Iqtisodiy mavzuga qo‘l uradigan jurnalistlar nega kam? Ushbu mavzuda yoziladigan maqola va lavhalarning ommabopligini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratish kerak? Turli sohalarga ajratilayotgan mablag‘larni fosh etishda jurnalist qaysi bilimlarga ega bo‘lishi kerak?

Toshkentda "O‘zbekiston jurnalistlari va blogerlarining iqtisodiy va biznes jurnalistikasi bo‘yicha salohiyatini oshirish" mavzuida o‘tkazilayotgan seminar-treningda shu va boshqa savollar atrofida fikrlashildi.

"Biznes-jurnalistika" loyihasi O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va  O‘zbekistondagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati vakolatxonasi hamkorligida  amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizning turli viloyatlaridan ishtirok etgan jurnalistlarga iqtisodiy jurnalistikaning bugungi kundagi o‘rni,  kamchilik va yutuqlari, ushbu sohadagi faktcheking, GSP+ nima va uning mamlakatimiz iqtisodi uchun ahamiyati kabi masalalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan bilim va ko‘nikmalar tushuntirildi.

- Iqtisod ko‘pchilik jurnalistlar hisoblaganchalik yoritish murakkab bo‘lgan jarayon emas, - deydi trener H.Abduraimov. - Qolaversa,  faqat raqamlarni qalashtirib tashlash bilan ham iqtisodni yoritib bo‘lmaydi. Taqqoslash, tahlil qilish, ekspertlarning xolis fikrlari maqolaning o‘qishliligini oshiradi.

Shuningdek, trening davomida offshor korxonalar manbalarini aniqlash va umuman jurnalistlar murakkab hisoblovchi raqamlarni ochiqlashtirish manbalari, data jurnalistika bo‘yicha ham aniq ma’lumotlar berildi.

Gulruh Mo‘minova.