Iqtisodiy loyihalar infratuzilma yaratish bilan amalga oshadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq to‘qqizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.

Dastlab viloyatda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar belgilangan holda ajratilgan yer uchastkalarida investitsiya loyihalarining bajarilishi hamda o‘z vaqtida amalga oshirilmagan loyihalar ijrosi, viloyat mahalliy byudjetining 2021 yil daromadlari va xarajatlariga o‘zgartirishlar kiritish hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.

Deputatlar Behzod Rahmatullayevni viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari lavozimiga tasdiqladi.

Shundan so‘ng maxsus iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyi­halarining ijrosi, zonalar faoliyatini takomillashtirish, investorlar duch kelayotgan muammolar va ularni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot eshitildi. Masala yuzasidan viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari Jamshid Haydarov so‘zga chiqdi.

– Joriy yilning 1 dekabrigacha “Urgut” EIZda umumiy qiymati 602,2 million dollar miqdoridagi 96 ta loyihani amalga oshirish va 8 300 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgandi, – dedi J.Haydarov. – Biroq umumiy qiymati 286,3 million dollar bo‘lgan 60 ta loyiha ishga tushirilib, 4 700 kishining bandligi ta’minlandi.

O‘tgan 11 oy davomida 2 trillion 20 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 57 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Shu davrda byudjetga 480 milliard so‘mdan ortiq soliq va boshqa to‘lovlar qilindi.

J.Haydarov kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan samarali loyihalar haqida gapirib, bularga erishish uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, imtiyozli bank kreditlari ajratish, ularning mavjud muammolarini hal qilish zarurligiga to‘xtaldi. Masalan, 48,7 kilometrlik yo‘l qurilishi, “Mergancha” massivida 1 ta RP qurilmasi o‘rnatish, “Sazag‘on” massivida 16000 kVAli nimstansiyaning 2-bosqichini qurish, “Do‘stlik” massivida 2,5 kilometr havo tarmog‘i va 1 ta nimstansiya qurish yakunlanmagan. Tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv, telekommunikatsiya ta’minoti masalalarida ham yechimini kutayotgan bir qator muammolar bor.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, deputatlar erkin iqtisodiy zonada muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijalarini har oyda bir marta muhokama qilishga qaror qildi.

Sessiyada Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarov tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturi ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, tumanda joriy yilning 9 oyida 727,4 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, xizmatlar hajmi 614,3 milliard so‘mni tashkil etgan, faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari soni 2979 taga yetkazilgan, 1309 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Eksport bo‘yicha yillik reja 29 million 446 ming dollar bo‘lib, 22 noyabr holatiga bu ko‘rsatkich 13 million 48 ming dollarni tashkil etgan. B.Bobonazarov yil yakuniga qadar yana 16 million 550 ming dollarlik mahsulot eksport qilinishini qayd etdi.

Sessiyada deputatlar Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Azizovning viloyatda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining tashkiliy-huquqiy ta’minoti, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, fuqarolarga malakali xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha axborotini tingladi.

Sh.Azizovga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida viloyatda FHDYo organlari tomonidan 160 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan, 102 ming 221 ta tug‘ilganlik, 32 ming 745 ta nikoh, 3 839 ta ajrim hamda 19 ming 136 ta o‘lim haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirilgan.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida elektron navbat tizimi joriy etilib, dastlabki bosqichda 16 ta FHDYo bo‘limlari zarur vosita va qurilmalar bilan ta’minlangan. Ularning har biri onlayn rejimdagi videokuzatuv kameralari bilan jihozlanib, ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlar haqida SMS yuborish joriy qilingan.

Shuningdek, sessiyada Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayevning Prezidentimizning “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, qayd qilingan hujjatlar asosida viloyatda 55 ming 378 nafar ishsiz yoshlardan 51 ming 424 nafari, 59 ming 959 nafar bitiruvchilardan 3 965 nafarining bandligi ta’minlangan. Yil boshidan buyon “Yoshlar daftari”ga 72 ming 585 nafar yoshlar kiritilib, ularga zarur ko‘mak berilishi natijasida 70 ming 186 nafar yoshlar ro‘yxatdan chiqarilgan.

Bugungi kungacha viloyatda “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga 32,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar shakllantirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 16 ming 777 nafar yigit-qizlarga 26,5 milliard so‘mlik turli yordamlar berilgan. Biroq ayrim joylarda ushbu mablag‘ni berishda 7 holatda qonunbuzarlik holati aniqlanib, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.

Shuningdek, byudjetida mablag‘i bo‘lsada, «Talabaga madad» loyihasi doirasida ayrim tuman (shahar) yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari birorta ham talabaga kontrakt pullarini to‘lab bermagan (Kattaqo‘rg‘on tumanida 130 ta, Jomboyda 86 ta, Samarqand tumanida 59 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 41 ta ariza tushgan). Bu jamg‘armalar vasiylik kengashi raisi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.