Irodani tarbiyalash - komillik belgisi

Yaqinda Samarqand davlat universiteti dotsenti Isroil Xayriyevning insonni ruhiy kamolotga yetishishiga xizmat qiluvchi “Irodani tarbiyalash komillikka eltadi” deb nomlangan monografiyasi nashr etildi.

Asarni o‘qigan kitobxon ruhiy yengillikni anglaydi, qiyinchiliklar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Hayotdagi sinovlarga bardoshli bo‘lishni, har qanday sharoitda ham olg‘a intilish kerakligini anglab yetadi.

Asarda muallif tomonidan insonning qanday bo‘lishi kerakligi, uning irodasi, inson bo‘lib yashash hammaning ham qo‘lidan kelmasligi, kim bo‘lishidan qat’i nazar hayotda o‘z o‘rnini topa bilishi, tavakkalchi bo‘lish kerakligi, rejali hayotda yashash inson uchun foydali ekanligi kabi masalalar o‘rtaga tashlanadi. Shu va boshqa masalalar atrofida o‘z fikrlarini bayon qiladi.

Ushbu monografiyani o‘qigan kishi yozuvchining kuchli psixolog ekanligini anglab yetadi. Har kuni psixolog huzuriga qatnaydigan yoki psixologga qatnash uchun mablag‘ hamda vaqt topolmayotgan kishi ushbu asarni bir bor o‘qib chiqsa, o‘zining dardiga albatta shifo topadi. Hal qilolmayotgan muammolarining yechimlari oson ekanligiga hayron ham qoladi.

Monografiyada barcha muammolarning sababi kuchsiz iroda ekanligi yaqqol ochib berilgan. Masalan, hayotda ozgina qiyinchilik ko‘rgan inson o‘z irodasini boshqarolmay qoladi, xatti-harakatiga javob berolmaydi. Keyin qilgan ishidan afsuslanib yuradi. Yozuvchi bunday nojo‘ya harakatlarning asl sababchisi o‘zimizning irodasizligimiz, ma’lum bir maqsadli harakatga ega bo‘lmaganligimiz ekanligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, irodasizlikning yorqin misollari pandemiya sharoitida mamlakatimizda joriy qilingan karantin cheklovlari davrida yorqin namoyon bo‘ldi…

Har bir inson biror narsaga erishmoqchi bo‘lsa, o‘z oldiga maqsad qo‘yadi. Maqsadsiz inson hech narsa uchun harakat qilmaydi, chunki bunday insonga dunyodagi hech bir jarayonning qizig‘i bo‘lmaydi. Hayotda maqsadsiz, oldiga maqsad qo‘ymagan insonning bo‘lishi jamiyatimiz uchun halokat sanaladi. Yozuvchi asarida maqsad haqida shunday deydi: “Maqsadning qo‘yilishi shaxsda motivlar kurashi bilan bog‘liq bo‘ladi, bunda u maqsadga olib boruvchi yo‘l va vositalarni fikran muhokamadan o‘tkazadi.

Maqsad qo‘yishning eng oxirgi bosqichi bir qarorga kelish bilan yakunlanadi.  Inson o‘z oldiga biror bir maqsad qo‘yar ekan, buning uchun avvalo undan faollik, irodaviy harakatlar dasturini ishlab chiqish talab etiladi. Bu esa insonning maqsadi sari intilishida birlamchi harakat sanaladi. “Irodasi sust insonlar, - deydi muallif, - biror ishni qilishdan oldin o‘ylaydi, hatto ikkilanadi. Irodasi kuchli insonlar bir qarorga tez va qat’iy keladi. Bu psixologik voqelik esa uni eng kam kuch va kam vaqt sarflab maqsadga erishishini ta’minlaydi”. Ta’kidlash joizki, bu e’tiroflar juda o‘rinlidir.

Yozuvchi monografiyasida insoniylik haqida ham ba’zi bir mulohazalarni bildirganki, bularning haqiqat ekanligini kitobxon birdan anglab oladi: “Yumshoq fe’llilar bilan – yumshoq, qahrlilar bilan qahrli bo‘lishni o‘rgan. Doimo atrofingdagi insonlarni e’tibor bilan eshitishga, har bir eshitganingni mulohaza qilib, haqiqatni ajratib olishga intil. Mohiyatni anglamasdan turib, g‘alaba qozonganlar tarafiga o‘tib ketadigan olomonga ergashma”. Haqiqatan ham juda tarbiyaga mos fikrlar. Ayniqsa, oxirgi jumla irodasiz, bir fikrga ega bo‘lmagan insonlarga xos. Chunki shunday insonlargina asl mohiyatni tushunmasdan olomonga qo‘shiladi, oq ustidan qora chaplashga harakat qiladi.

Inson irodasi mustahkam bo‘lsagina, u dunyo boyliklaridan ustun bo‘ladi, nafsini jilovlay oladi, birovning haqqidan qo‘rqadi. Irodalilik ortida sabr, matonat, botirlik, vatanparvarlik, komillik kabi tushunchalar yotadi. “Irodani tarbiyalash ruhiy komillikka eltadi” monografiyasini o‘qiganingizda siz ham bunga yana bir bor ishonch hosil qilasiz. Bulardan tashqari, buyuk allomalarimizning iroda, matonat, vatanparvarlik, ma’naviyatni o‘stirish, umuma, insonni komillikka eltuvchi xislatlar haqidagi fikrlari bilan ham tanishib chiqasiz.

I.Mirzayev,

A.Pardayev,

SamDU professorlari.