Is gazi bilan bog‘liq voqealar ortidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi bir guruh xodimlari Samarqandga keldi
Endilikda Samarqand viloyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda.
Xabaringiz bor, so‘nggi vaqtlarda nafaqat Samarqand, balki respublikaning ko‘plab hududlarida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq ayanchli holatlar kuzatilmoqda.
Jumladan, 29 oktyabrda Urgut tumanida sodir bo‘lgan fojia — ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan zaharlanib vafot etgani barchani junbushga keltirdi.
Bugun Samarqanda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ishchi guruhi sektor rahbarlari, mahalla raislari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida is gazidan zaharlanishning oldini olish borasida yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda is gazidan zaharlanishning kelib chiqish omillari va salbiy holatlar yuzaga kelishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish masalalari muhokama etilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar qat’iy belgilab olindi.
Shuningdek, vazirlik ishchi guruhi bilan hamkorlikda mahallalarda, ta’lim muassasalarida va aholi xonadonlarida is gazidan zaharlanishni oldini olishga qaratilgan profilaktik-targ‘ibot tadbirlari olib borildi.