Nega hamon is gazidan jabr ko‘rayotganlar, vafot etayotganlar bo‘lyapti?

Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aholi o‘rtasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, jumladan is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasi chaqnashi (portlash) bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish xususida so‘z yuritildi.

- 2020 yilda 27 holatda is gazi va havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq noxush holatlar qayd etilgan, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Umid Ahrorov. - Oqibatda 15 nafar fuqaro vafot etgan, 33 nafar fuqaro jabrlangan. Joriy yilda bu kabi ko‘ngilsizliklar 3 holatda qayd etilib, ularda 9 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan, 3 nafari jabrlangan. Jumladan, 28 mart kuni Samarqand shahar Maqsud Shayxzoda nomli mahallaning Lohutiy ko‘chasi 31-uyida 5 nafar fuqaro is gazidan zaharlangan. Shundan 1 nafari respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali toksikologiya bo‘limiga yotqizilgan, 4 nafari esa voqea joyida halok bo‘lgan.

Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bunday favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida shundan keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari jalb etilib, 1100 ta mahallada va 1952 ta ko‘p qavatli uylardagi 60 171 ta xonadonlarda o‘rganish olib borildi, dudbo‘ronlar tozalandi va is gazi bilan bog‘liq muammolar hal etildi.

- Hozirgacha qo‘lbola isitish pechlaridan noqonuniy foydalanib kelinmoqda, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Hasan Doniyorov. - Tadbirlar davomida mahalla faollari bilan birgalikda uyma-uy yurib, 444 ming 216 ta xonadonda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazildi, shulardan 28 ming 910 ta uylardagi xonadonlarda va 322 ming 410 ta shaxsiy aholi turar joylarida fuqarolarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqlar berildi. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi kamchilik va muammolar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimliklariga 45 marta, yuqori tashkilotlarga 54 marta, hududiy gaz ta’minoti korxonalariga 78 marta,  elektr ta’minoti idoralariga 51 marta, huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga 39 marta hamda boshqa taalluqli idoralarga axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.