Kattaqo‘rg‘onda yosh kelin-kuyov vafoti bo‘yicha Bosh prokuratura munosabat bildirdi
Aniqlanishicha, 16 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on tumani Oltinsoy qishlog‘ida yashagan 26 yoshli yigit va uning 18 yoshli turmush o‘rtog‘i yashash xonadonida is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan.
Shu kuni marhumlar yaqin qarindoshlari tomonidan dafn etilgan.
Biroq, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB va tibbiyot birlashmasiga kelin-kuyov vafot etganliklari haqida xabar kelib tushmagan.
Marhumlarning yaqinlari ushbu holat haqida ichki ishlar organlari va boshqa tashkilotlarga xabar bermaganliklari aniqlangan.
Tekshirish davomida Kattaqo‘rg‘on tumani IIB, tuman hokimligi mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash, oila va xotin qizlar bo‘limlari hamda «Samarqand hududgaz» korxonasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, marhumlarning o‘lim sabablariga aniqlik kiritilmoqda. Tekshirish harakatlari davom etmoqda, deyiladi Bosh prokuror matbuot xizmati xabarida.