Past Darg‘omda konteynerdan yollanma ishchilar jasadi topilgan hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Avvalroq tumandagi “Balxiyon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan korxonalarning biri darvozasi oldidagi metall konteyner ichidan noma’lum etiologik zaharlanish bilan halok bo‘lgan 2 nafar yollanma ishchining jasadi topilgani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati holat bo‘yicha bayonot berdi.

Unga ko‘ra, tumandagi “Agrokimyota’minotservis” MChJ hududidagi yashash uchun moslashtirilgan konteynerda ikki nafar yollanma ishchi qo‘lbola usulda yasalgan pechkadan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Marhumlarning o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.