Is gazidan er-xotin vafot etdi, yosh farzandi jonlantirish bo‘limida

Sirdaryo viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida 33 yoshli erkak voqea joyida, 26 yoshli turmush o‘rtog‘i shifoxonada vafot etdi. Ularning 2 yoshli qizi reanimatsiyaga yotqizildi, deb xabar berdi "Sirdaryo xabarlari".

Oqoltin tumani ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismining 8 yanvar 2021 yil soat 13:45 da bergan xabariga ko‘ra, Oqoltin tumani, Ko‘rkam diyor mahallasi Marjonbuloq ko‘chasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro T.S., turmush o‘rtog‘i 1994 yilda tug‘ilgan I.S. va voyaga yetmagan farzandi 2019 yilda tug‘ilgan E.R.lar yashash xonadonida zaharlangan, oqibatda T.S. voqea joyida vafot etgan.

Turmush o‘rtog‘i I.S. va voyaga yetmagan farzandi E.R. Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan I.S. shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Oqoltin tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.