Is gazidan zaharlanish holatlari uskunalarni mavsumga tayyorlamaganlik oqibatida kelib chiqyapti

Har yili kuz-qish mavsumida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘lishi o‘nlab yurtdoshlarimizning bevaqt hayotdan ko‘z yumishi, nogiron holatga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu kabi hodisalar oddiy holatlar - gaz asboblaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik, isitish pechlarini mavsumga tayyorlamaslikdan kelib chiqmoqda.
Joriy yilning 22 oktyabr kuni Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi xonadonlardan birida 4 nafar va 28 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uyning xonadonlaridan birida 2 nafar fuqaro is gazidan zaharlanib vafot etgan. Bundan tashqari, 29 oktyabr kuni Samarqand shahar Zafar ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy xonadonlaridan birida gaz uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida xonada tabiiy gazning to‘planishi va havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq baxtsiz hodisa oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgan.
Quyida is gazining paydo bo‘lishi, uning zararli ta’siri hamda zaharlanishning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar beriladi:
* Is gazi (uglerod oksidi) - rangsiz, ta’msiz, hidsiz zaharli gaz. Kimyoviy formulasi - CO. U tabiatda eng ko‘p tarqalgan zaharli gazlardan biri bo‘lib, uni “tilsiz yov” deb ham nomlashadi.
Har qanday yoqilg‘i turining chala yonishi is gazining paydo bo‘lishiga olib keladi. Ya’ni, ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligi sabab yuzaga keladi.
Is gazidan zaharlanish qanday sodir bo‘ladi?
• Nosoz dudbo‘ron, havo almashish (ventilyasiya) kanallari, nostandart isitish jihozlari va uskunalaridan foydalanilganda;
• Gaz plitalaridan isitish moslamasi o‘rnida foydalanilganda;
• Ochiq olovdan yopiq binoda isitish maqsadida foydalanilganda.
Is gazi odam organizmiga qanday ta’sir etadi?
Nafas olish jarayonida havo tarkibida 0,1 % is gazining bo‘lishi, organizmning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.
Is gazi organizmga tushganda u qon tarkibidagi gemoglabin va kislorod tashuvchi eritrotsitlarni o‘zaro bog‘lab, kislorodning tana bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi. Oqibatda inson hushini yo‘qotib, qayta o‘ziga kelmasligi mumkin.
Is gazidan saqlanish uchun nima qilmoq kerak?
Har yili isitish mavsumidan oldin dudbo‘ron, havo almashish (ventilyasiya) kanallari, isitish jihozlari va uskunalari sozligini tegishli tashkilotlar mutaxassislari tekshiruvidan o‘tkazish lozim.
Nosoz, deb topilgan gaz jihozlari va qurilmalar to‘liq ta’mirlanib, soz holatga keltirilmagunicha, undan isitish maqsadida foydalanmaslik, yopiq binoda ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanilmaslik kerak.
Aziz yurtdoshlar, kuz-qish mavsumida isitish pechlari, gaz asboblari va dudbo‘ronlarning sozligiga alohida e’tibor bering.
Sh.AHMEDOV,
Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi.