Ish taklif qilish bilan bog‘liq firibgarliklar ko‘paymoqda: soha mutaxassislari muammo haqida o‘z munosabatlarini bildirdi

Ish qidirish orqasidan firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik kafolatlanmagan. So‘nggi paytda ijtimoiy tarmoqlarda to‘liqsiz ish vaqti yoki masofadan daromad olish to‘g‘risidagi takliflar tobora ko‘proq uchray boshladi. Bu ajablanarli emas, albatta. Axir, ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlar ko‘pincha uyda qolib ham munosib daromad topishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Ish izlash chog‘ida firibgarlar qurboniga aylanmaslik uchun nima qilish kerak? Shu haqida tashkilot rahbarlari hamda huquq-tartibot idoralari vakillari bilan suhbatlashdik.

 Azamat Yo‘ldoshev, viloyat IIB kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i, kapitan:

 - So‘nggi paytlarda kiberjinoyat turlari ko‘payib bormoqda. Ish izlayotganlarning sodda va ishonuvchanliklari bunga keng yo‘l ochmoqda. Jinoyatchilarga esa bu juda qo‘l keladi. Ko‘pincha uydan ishlash yoki to‘liqsiz ish kunida ishlash istagida bo‘lgan yosh bolali onalar, tug‘ruq ta’tilidagi ayollar aldanib qolishadi. Samarqand viloyatida o‘tgan yilning dastlabki uch oyida 64 nafar fuqaro kiberfiribgarlik haqida ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 350 dan oshdi.

 Va shuni esda tutish kerakki, bu raqamlar rasman murojaat qilganlarga tegishli. Yana qanchadan-qancha kishilar ushbu muammoga duch kelgan va kiberfiribgarlik qurboni bo‘lishsa ham murojaat qilmaslikni tanlashgan bo‘lishi mumkin. Bu sohada firibgarlikning ikkita eng keng tarqalgan usuli bor. Misol uchun, sizga test topshirig‘i yoki biror bir topshiriqning bir qismi sifatida ish taklif qilinishi, keyin esa ish beruvchi tomonidan bu mehnat uchun haq to‘lanmasdan u shunchaki g‘oyib bo‘lishi mumkin.  Bundan ham yomoni, agar firibgar ish beruvchi mijozdan maosh o‘tkazish va yoki boshqa turli bahonalar bilan uning bank kartasi ma’lumotlarini jo‘natishni talab qilishidir. Bu holga tushib qolgan kishi nafaqat bajargan mehnatiga yarasha haq ololmaydi, balki uning hisobidan pul yechib olinishi mumkin.

 Ko‘pincha bunday hamkorlikda shartnoma imzolanmasligi noqonuniy harakat isbotini topish imkonini deyarli yo‘qqa chiqaradi.

Firibgarlikning yana bir mashhur turi bu biznes taklif qilish yo‘lidir. Ya’ni, mijozga ma’lum bir tovar sotish taklif qilinishi mumkin va ushbu mahsulot uchun oldindan to‘lovni amalga oshirish so‘raladi. Mahsulot shundan keyin jo‘natishga va’da berishadi. Pul o‘tkazishilishi bilan esa hisob bloklanadi. Yodda tuting: ularda sizning hisob raqamingizga ega bo‘lish yoki avvaldan to‘lovni amalga oshirishingizga erishish uchun chek-chegarasiz bahonalar kolleksiyasi mavjud. Bunga ish haqi to‘lash, hisobingizga karta ochish, chiptani, tibbiy varaqa uchun, o‘quv materiallarini jo‘natish kabi bahonalar ko‘rsatilishi mumkin.

Yoki soxta ishga yollash agentligining xizmatlari uchun. Bu yolg‘onlarning sanog‘iga yetish qiyin.

 Fikr qiling: haqiqiy ish beruvchi hech qachon potensial xodimdan pul so‘ramaydi. Shunday talab qo‘yilgan holda — bu shak-shubhasiz firibgarlik!

 Sunnatillo Abdusaidov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i:

 - Agar hali ham chet elga ishlash uchun ketishga qaror qilgan ekansiz, eng to‘g‘ri yo‘l - tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishdir. Shahrimizda ishga joylashish va chetga qonuniy chiqishni taklif qiluvchi bir nechta idoralar mavjudligiga qaramay, ulardan hech biri litsenziya olmagan va natijada fuqarolarni ishga yuborish huquqiga ega emas.

 Hozirgi vaqtda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi xorijda qonuniy ishga joylashish bilan shug‘ullanuvchi yagona muassasa hisoblanadi. Inson omilini bartaraf etish uchun chet elda ish qidirish ham avtomatik rejimga o‘tdi, ammo tamoman to‘liq emas. Ish topish yoki bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish uchun agentlik filialiga borish shart emas. Buni mintaqamizning @sammigration telegram kanaliga yoki @migratsiyaagentligi respublika resursiga obuna bo‘lish orqali amalga oshirish mumkin. Bu yerda tanlov o‘tkazayotgan xorijiy kompaniyalardan kastinglar boshlanganligi haqidagi e’lonlar joy olgan. Shuningdek, unda ish beruvchining talablari va talab qilinadigan mutaxassisliklar haqida ma’lumotlar mavjud.

 Ish haqi va yashash sharoiti, asosan, uchrashganda muhokama qilinadi. Ba’zi ish beruvchilar e’lonlari ostida anketa ilova qilishadi. Ish izlovchilar so‘ralgan ma’lumotlarni ilova qilish orqali uni to‘ldirishi mumkin. Yil boshidan buyon 120 nafarga yaqin xotin-qiz xorijga ishlash uchun ketgan. O‘tgan yili 295 mingdan ortiq aholi ish topish uchun xorijga ketgan.

Farog‘at Shokirova, oila va ayollar boshqaruvi bo‘yicha viloyat bosh mutaxassisi:

- Ayollarni aldovdan ogoh qilish uchun ularning huquqiy savodxonligini oshirish kerak. Ular o‘z huquqlarini bilishsagina ularni aldash mushkul bo‘ladi. Ish topishning eng xavfsiz yo‘li - hududdagi mahallalar bilan aloqada bo‘lish sanaladi, yaqin atrofda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Va, albatta, ish qidirayotganda, fuqarolarni ish bilan ta’minlash bilan bevosita shug‘ullanadigan rasmiy muassasalarga ishonch bildirish yaxshiroqdir. Viloyatda odamlar o‘zi istagan ishni topish uchun murojaat qilishlari mumkin bo‘lgan bir nechta muassasalar mavjud. Viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari uzoq yillardan buyon bu boradagi rasmiy muassasa bo‘lib kelmoqda.

Shuningdek, ish.mehnat.uz ish qidirish platformasi ham mavjud bo‘lib, bu yerda kerakli hudud va sohani tanlab, o‘z mutaxassisligingiz bo‘yicha ish topishingiz mumkin. Elektron ma’lumotlar bazasida viloyat bo‘yicha 20 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni mavjud. O‘tgan yili viloyat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha milliy kompleks dastur ishlab chiqdik. Mazkur dasturning amalga oshirilishi 2022 yilda viloyatda 94 ming 353 nafar ishsiz xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkonini berdi. Mazkur dasturga muvofiq 20 ming nafardan ortiq xotin-qiz kvotalar bo‘yicha ish bilan ta’minlandi, 7 ming nafarga yaqin xotin-qiz jamoat ishlariga jalb qilindi, 20 ming nafarga yaqini kredit oldi, 15 ming nafari malaka oshirish kurslarida o‘qishdi.

Buning o‘zi yetarli emasligi aniq, lekin ayollar uchun ish o‘rinlari yaratish, ularning salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish uchun kichik-kichik qadamlar bilan bo‘lsa ham olg‘a harakat qilmoqdamiz.

Nigora Yodgorova, Samarqand viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor:

- Xotin-qizlar bandligi muammolari haqida gapirar ekanmiz, beixtiyor xorijdagi mehnat migratsiyasi qurbonlari haqida o‘ylaymiz. Yurtdoshlarimizning aldov qurboni bo‘lish ko‘rsatkichlari mamlakatda kamdan-kam bo‘lsa, xorijda tez-tez uchraydi. O‘tgan yili odam savdosiga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan odam savdosi qurboni bo‘lish bilan bog‘liq 20 ta holat qayd etilgan.

Ulardan 13 nafari ayollar bilan, uchtasi chaqaloqlarni sotish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘lsa, to‘rt holatda – erkaklar firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishgan. Dalillar odam savdosi qurboni bo‘lgan ayollar xorijiy mamlakatlarda asosan jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishganini tasdiqlaydi. Firibgarlar jabrlanuvchilarni jinsiy aloqaga majburlash orqali mijozlardan pul undirishni maqsad qilishgan. Odam savdosiga qarshi kurashning to‘rtta asosiy yo‘nalishi mavjud. Va ular bir vaqtning o‘zida teng ulushlarda ishlashlari kerak. Jinoyatlarning oldini olish, hamkorlik qilish, jabrlanganlarga yordam berish, jinoiy javobgarlikka tortish.

Biz boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rgandik.

Isroil odam savdosini qanday yengdi? Birinchi omil, mamlakatda jinoyatlar qat’iy tartibda o‘rganilib, aybdorlarga og‘ir jazo tayinlangan. O‘zbekistonda ham jazo kuchaytirilib, endilikda odam savdosi uchun 12 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Biz bu jarayonda yordam berish va har tomonlama yordam ko‘rsatish uchun tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz. Jumladan, o‘tgan yili odam savdosi qurbonlari oilalariga 14 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Ammo, afsuski, butun dunyo bo‘ylab  keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramay, har yili millionlab odamlar “zamonaviy qullik”, ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto kichik yoshdagi bolalar ham bor.

P.S. Afsuski, oltin tog‘lar va’da qiluvchi ish takliflari faqatgina internetda emas. Boshqa ayrim "ish beruvchilar"ning maqsadlari ham xayrli emas. Mutaxassislarning yuqoridagi fikrlari sizni duch kelishingiz mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan ogohlantirishi va o‘zingizga munosib ish topishda sizni turli aldov va umidsizliklardan ma’lum darajada himoya qilishiga ishonishni istardik.

Ma’lumot uchun: viloyat bandlik bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra (2022 yil ma’lumotlari) viloyatda 4 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning 153 mingga yaqini ishsiz. Samarqand viloyatida 2 milliondan ortiq xotin-qizlar istiqomat qiladi va ularning 53,8 foizi mehnatga layoqatli bo‘lib 727 ming nafari rasman ishlamaydi. Viloyatda xotin-qizlarning atigi 9,8 foizi ish o‘rniga ega bo‘lsa, 0,07 foizi ishsizlik nafaqasini oladi. Ishsizlik darajasi 9,3% ni tashkil qiladi.

Zamira BALTAYeVA.