Ish topish - yoshlarning asosiy muammosi
O‘tgan hafta zarnews.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘rtasida "O‘zingiz yashayotgan hududda kasb-koringizga, mutaxassisligingizga mos ish o‘rni bormi?", degan savol bilan ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan edik.
So‘rov natijalari yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Umidjon MAMATOV quyidagicha izoh berdi:
- Bugungi kunda viloyatimizning barcha hududlarida yangi tashkil etilayotgan korxona va tashkilotlar, ijtimoiy soha ob’yektlariga ko‘proq mutaxassis yoshlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashyapmiz. Bunda hokimliklar, yoshlar ittifoqi, prokuratura hamda bandlikka ko‘maklashish markazlarining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalarining o‘rni katta bo‘lmoqda. Ularda ishtirok etgan institut va kasb-hunar kollejlarini tugatgan yoshlarning 30 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga kirdi.
So‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati ish topolmay xorijga chiqib ketayotganligini ta’kidlagan. Afsuski, bu to‘g‘ri. Ayrim korxona va tashkilotlarda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lsa-da, ammo ularni yashirishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. Shuningdek, ba’zida ish beruvchilarning yarmarkalarda mavjud bo‘lmagan yoki kam maoshli, nomutaxassis o‘rinlarni taklif etishi sababli ko‘pchilik yoshlar bu takliflardan qoniqmayotganligini bildirmoqda.
Joriy yilning 2 oyida viloyatimizda 22 marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 1359 ta korxona va tashkilot 7800 dan ziyod bo‘sh va kvota ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Yarmarkalarda ishtirok etgan 2247 nafar fuqaroning 641 nafari ishga yo‘llanma olgan.
D.O‘TAMURODOV.