Ish va oila deb sayohatga bormagan ayollar
Kasaba uyushmasi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostidagi tadbirlar davom etmoqda.
Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tashabbusi bilan 24-25 aprel kunlari viloyatdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 34 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari, shuningdek Oqdaryo va Samarqand tumanida yashovchi 20 nafar “Ayollar daftari”gi kiritilgan xotin-qizlar Xorazm viloyatiga sayohatga bordi. Ikki kunlik bepul sayohat davomida ular vohaning diqqatga sazovor joylari, tarixiy maskanlari, bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
- Ish deb, oila tashvishi deb, sayohatga ham chiqmagandik, - deydi oqdaryolik onaxon Toshbuvi Ikromova. – Tuman kasabamiz tomonidan Xorazmga borish taklifi berilganda rosa suyundim. Chunki u yerlarga borish qayoqda deysiz, o‘zimizning Samarqanddagi obidalarni ko‘rishga ham chiqolmasdik. Rahmat tashkilotchilarga, biz, ayollarni o‘ylab mana shunday tadbirlarni tashkil qilgani uchun. Ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.
Feruz Razzoqov.