Ishchi-xodimlar bo‘sh vaqtini sportga ajratmoqda

Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar xodimlari o‘rtasida “11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan tashkil etilgan spartakiadaning viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Unda korxona va tashkilotlar xodimlari mini futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka, voleybol bo‘yicha shahar va tumanlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar bellashdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, mini futbol bo‘yicha Qo‘shrabot tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Voleybol bellashuvi yakunida Paxtachi tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasiga teng keladigani topilmadi.

Stol tennisi bo‘yicha Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha iqtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi xodimi Ixtiyor Aminov hamda mazkur maktab xodimi Shahodat To‘xtayeva barcha raqiblaridan mahoratli ekanliklarini ko‘rsatdi.

Shaxmat bellashuvida Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha iqtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi xodimi Jasur Mamayusupov hamda Paxtachi tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi xodimi Maftuna Orziqulova mutlaq g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, shashka bahsida birinchi o‘rinni Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi xodimi Amrillo Abdullayev va Toyloq tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi xodimi Munira Boboyeva egalladi.

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘olib bo‘lganlar shu yilning oktyabr oyida o‘tkaziladigan musobaqaning mintaqaviy bosqichida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishadi. Unda ham g‘olib bo‘lganlar 5-6 noyabr kunlari Toshket viloyatining Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tadigan spartakiadaning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Husan ELTOYeV.