Ishda ham, sportda ham faol ayollar
Samarqand shahrida “Biz sportchi qizlarmiz” shiori ostida sport maktablarining ayol xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha an’anaviy musobaqaning respublika II hududiy bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi federatsiyasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan musobaqada Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari bahs olib bordi.
Ikki kun davom etgan musobaqa yakuniga ko‘ra, Samarqand viloyati jamoasi Buxoro viloyati jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, respublika final bahsi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin Xorazm viloyati jamoasiga nasib etdi.
Kecha musobaqa ishtirokchilarini taqdirlash tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Sh.Dehqonov, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi F.Toshev, viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov va boshqalar keyingi yillarda ommaviy sportga, ayniqsa, xotin-qizlar sportiga e’tibor ortib borayotgani e’tirof etildi. Kelgusida xotin-qizlar o‘rtasida boshqa sport tadbirlarini ham kasaba uyushmasi hamkorligida o‘tkazishga kelishib olindi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan hamkor tashkilot rahbarlari hamda faxriy sportchilarga Kasaba uyushmasi tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Husan ELTOYeV.