Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishlash uchun xorijga ketmoqchimisiz?

Buning qonuniy va asosiysi, kamxarj yo‘li haqida bilasizmi?

Keyingi paytda «Falonchi 4 ming AQSh dollari sarflab, Germaniyaga ishga ketibdi», «Pistonchi hovlisini sotib, Koreyaga hujjat to‘g‘rilabdi», degan gaplarni tez-tez eshityapmiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu haqda ko‘p o‘qiymiz. Savol tug‘iladi: bu insonlar xarajatlarini qachon chiqarib olishadi? Ular kimga yoki nimaga ishonib, o‘zga yurtga ketmoqda? Umuman, xorijda ishlab, yaxshi daromad topishning xavfsiz va kamxarj yo‘llari yo‘qmi?

– Shu kunlarda fuqarolarni Angliya, Belgiya, Xorvatiya, Germaniyaga ishga jo‘natish imkoniyatiga egamiz, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali rahbari Laziz Ibragimov. – Albatta, bu davlatlarga ketish uchun ma’lum talablar qo‘yilgan. Misol uchun, ko‘pchilik mehnat migrantlarini qiziqtirayotgan Germaniyani olib qaraylik. Olmon davlati o‘zbekistonliklar uchun 50 mingta bo‘sh ish o‘rnini taklif qilgan. Taklif qilinayotgan maosh katta, biroq nomzodlar birinchi navbatda tilni bilishi kerak. Bu talabga javob berganlar hamshiralik, yuk mashinasi haydovchisi, mehmonxona ishi, hunarmandchilik, qurilish va boshqa soha hamda kasblar bo‘yicha ishga taklif etiladi. Jarayonda agentligimiz fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, ularga qonuniy va munosib mehnat sharoitlari yaratilishi ustidan nazorat qilish vazifalarini bajaradi. Ya’ni, siz xorijda ham davlatimiz himoyasida bo‘lasiz. Agentlik tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bepulligi, ko‘plab ish beruvchilar nomzodlarning transport va hujjat tayyorlash xarajatlarini o‘z bo‘yniga olayotganini inobatga olsak, fuqarolar deyarli xarajat qilmaydi. Agar ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomada ketish xarajatlari inobatga olinmagan bo‘lsa, fuqaroga bankdan mikroqarz olishida ko‘mak beramiz.

Bu imkoniyatlardan foydalanish uchun agentlikning hududiy bo‘limlariga murojaat qilish kifoya. U yerda siz xorijiy davlatlar ish beruvchilari tomonidan taklif etilayotgan ish o‘rinlari, nomzodlarga qo‘yilgan talab hamda mehnat migratsiyasiga oid qonunchilik haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Birgina o‘tgan yili agentlik filiali tomonidan xorijiy ish beruvchilar talabidan kelib chiqib, 5724 nafar fuqaro kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitildi. 1148 nafar yurtdoshimiz xorijiy davlatlarda tashkiliy tartibda ishga joylashtirildi. Shuningdek, 278 nafar fuqaroga ketish xarajatlarini qoplash maqsadida bankdan mikroqarz ajratilishi ta’minlandi.

Biz bir muddat agentlikning viloyat filiali ish jarayonini kuzatdik. Kelib-ketuvchilar oz emas. Mutaxassislar murojaatchilarga ijtimoiy himoya paketi yaxshi bo‘lgan ish joylarini tanlashni tavsiya beryapti. Yana bir fuqaro ingliz tilini oz-moz bilishini, ish beruvchilar bilan suhbatga qadar tayyorlanishi kerakligini aytdi. Mutaxassis unga kasbga o‘qitish markazlarida tilni bepul o‘rganishi mumkinligini tushuntirdi.

– Bungacha bir og‘aynimga ishonib, ishlash uchun Rossiyaga ketgan edim, - deydi o‘zini tanishtirishni istamagan fuqarolardan biri. – Borgach, ancha vaqt ishsiz yurib, qarzga botdim. Keyin shu qarzlarimni to‘lash uchun qurilish ob’yektlarida og‘ir ishlarni bajarishimga to‘g‘ri keldi. Xullas, ikki yil umrim zoye ketdi. Bu yerda oilam ham qiynaldi. Endi Germaniyaga ketmoqchiman. Faqat bu safar barchasini qonuniy qilaman.

Xorijda ishlash istagini bildirgan, biroq chet tilini bilmaydigan va qo‘lida kasbi yo‘q fuqarolarning asosiy qismi Samarqand shahridagi «Ishga marhamat» monomarkaziga keladi. Bu yerda 26 yo‘nalishda o‘quv kurslari tashkil etilgan. Asosiysi, har bir kurs dasturiga qo‘shimcha sifatida xorijiy tillar ham o‘rgatiladi.

– Hozir bizda ingliz, koreys, yapon, rus va nemis tillari o‘qitilmoqda, - deydi markaz direktori Dilshod Pardayev. – Bu qaysi davlatdan ish kvotalari ko‘p bo‘lishiga qarab o‘zgarib boradi. Keyingi vaqtda arab davlatlarida ishlash istagini bildirayotlargan ko‘paydi. Shu bois yaqin orada arab tili bo‘yicha ham mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Markazimiz tomonidan beriladigan sertifikat qator davlatlarda qabul qilinadi, boshqa holatlarda ish beruvchilar xodimini qo‘shimcha o‘qitishi mumkin. Bunda shaxsning kerakli malaka va bilimga ega bo‘lib borishi asosiy ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumotga ko‘ra, hozirgi vaqtda xorijiy ish beruvchilar o‘rtasida eng talabgir soha payvandchilik ekan. Buni inobatga olib, markazda mazkur kasbni o‘rganayotganlarga ikkita xorijiy til o‘rgatilmoqda. Shuningdek, xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun migratsiyaga ko‘niktirish xonasi bor. Unda tegishli davlatlar qonunchiligi, xalqining madaniyati, urf-odatlari haqida tushuncha beriladi.

– Bundan oldin ham tanlovdan o‘tib, Koreya Respublikasida 5 yilga yaqin ishlab kelganman, - deydi kattaqo‘rg‘onlik Jamshid Roziqov. – Yana ketmoqchiman. Hozir monomarkazda koreys tili bo‘yicha bilimimni mustahkamlayapman. Musofirlikda noqonuniy yo‘llar bilan ishga kelgan, koreys tilini bilmaydigan yurtdoshlarimizni ko‘p ko‘rdim. Ular og‘ir mehnat sharoitlarida, kam maosh olib ishlamoqda. Har bir kuni tahlika bilan o‘tadi. Shunday ekan, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz kerak.

Monomarkazda o‘qib, kasb va tilni o‘rgangan fuqarolar shu yerda ham ishli bo‘lib, yaxshi daromad qilishmoqda. Bunda ularga markazning har bir kursi doirasida o‘tiladigan tadbirkorlik asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlar ko‘mak beryapti. Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yillarda markazni bitirganlarning 85 foizi ish bilan ta’minlangan.

Asqar Barotov.