“Ishonch” va “Ishonch - doveriye” gazetalari ijodkorlari samarqandlik mushtariylar bilan uchrashdi

Tadbir avvalida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar bo‘limi hamda uyushmaning Samarqand viloyat bo‘limi o‘rtasida ijodiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Unda tomonlar kelgusida viloyatdagi jurnalistlarni o‘quv-seminarlariga birgalikda jalb etish, press-turlar tashkil etish, ijodiy muloqotlar uyushtirish, tahliliy materiallar almashishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, Uyushma raislari O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi H.Ermatov va F.Toshev tomonidan memorandumni imzolashdan ko‘zlangan maqsad, tomonlarning faoliyati bilan yanada yaqinroq va kengroq tanishish uchun ijodiy guruhlar bilan tajriba almashish, taqdimotlar, tadbirlar tashkil etish, matbuot anjumanlari, seminarlar, mashg‘ulotlar tashkil etish usullari, huquqiy, uslubiy va boshqa adabiyotlar, shuningdek, o‘qishli maqolalarni o‘zaro almashish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda “Ishonch” va “Ishonch - doveriye” gazetalarining taqdimoti ham o‘tkazildi. Gazetalar muharriri Husan Ermatov bilan jurnalistlar, gazeta tarqatuvchilar, kasaba uyushma faollari va gazeta mushtariylari uchun yuzma-yuz muloqot tashkil etildi. Unda tahririyat faoliyati, ijodiy xodimlari maxsus videorolik orqali yaqindan tanishtirildi. Gazetaning kelgusi yildagi yangicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan gazeta sahifalarida turli viktorina va mulohazali materiallarni yanada ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida qisqa savol-javob tarzida viktorina tashkil etildi. To‘g‘ri javob bergan 10 nafar ishtirokchiga tahririyatning sovg‘asi topshirildi.

H.Eltoyev.