Ishonchli vakil: "Davlatlar o‘rtasidagi sun’iy to‘siq olingani nafaqat mamlakat, balki minglab odamlarga naf berdi"
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Xolmurodov bulung‘urlik saylovchilar bilan uchrashdi.
Dastlab tadbirda ishonchli vakil nomzodning siyosiy faoliyati haqida gapirdi. O‘tgan 5 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlari haqida to‘xtaldi.
Xususan, yurtimizda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim, sanoat, iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, nomzodning keyingi 5 yillikka mo‘ljallangan dasturida, avvalo, inson omili, inson qadrini ulug‘lash eng muhim vazifa qilib belgilanganligini e’tirof etdi.
- O‘zbekiston uchun sobiq tuzumdan meros chegara muammosi, qo‘shnilar bilan munosabatlar muammosi doim dolzarb ahamiyat kasb etgan, - dedi Rustam Xolmurodov. - Markaziy Osiyodagi mamlakatlarning joylashuvi, aholisining qon-qarindoshligi dini, tili birligi, tabiati, geografiyasidagi uzviylik, bir daryodan suv ichishi, tog‘larining tutashganligi, yaylovlardan birgalikda foydalanishi… qanday qilib bu bir butunlikni ajratib bo‘ladi. Qanday qilib Markaziy Osiyo davlatlarini ayri tasavvur qilish mumkin. Axir bu Yaratganning taqdiri, hukmi emasmi?
Ming afsuski, mustaqillik yillarida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Chetdan aralashuvlar, ichki nizolar bir bo‘lib, dushmanchilik vaziyatini paydo qildi. Cheklovlar o‘rnatildi. Noto‘g‘ri siyosat yuritildi. Buning mamlakatlarimizga yetkazgan katta iqtisodiy ziyonidan tashqari, hisobsiz ma’naviy yo‘qotishlar borligini unutmasligimiz kerak. Shavkat Mirziyoyev bu kabi muammolarni barchasini ko‘ra oldi. O‘tgan besh yillikda birin-ketin bularga yechim topib, xalqlarimizni tanazzuldan olib chiqdi.
Tadbirda so‘z chiqqanlar O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodning dasturi O‘zbekistonning jadal rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlab, Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.