Ishonchli vakil Past Darg‘om tumani saylovchilari bilan uchrashdi

Past Darg‘om tumanida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning ishonchli vakili, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati Kengashi raisi Badriddin Nasriyev tuman saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tuman mahallalari raislari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, yoshlar yetakchilari, tashkilot hamda muassasa rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilganlarga B.Nasriyev Prezidentlikka nomzod M.Vorisovaning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Dasturda belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlarning mamlakat va xalq taqdiridagi ahamiyati haqida tushunchalar berdi.

Shuningdek, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan ta’minlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish, qishloqlarga sanoatni olib kirish Saylovoldi dasturdagi asosiy yo‘nalishlardan ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Nozim Aliyev, deputat Fotima Islamova, Aminjon G‘afforovlar nomzodning Saylovoldi dasturida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlari bo‘yicha barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar.

Saylovchilar tomonidan nomzodning ishonchli vakiliga berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi. 

Xuddi shunday uchrashuvlar viloyatning boshqa tumanlarida davom etmoqda.

XDP viloyat Kengashi axborot xizmati.