Ishonchli vakil "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida saylovchilar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Sh.Mirziyoyevning Samarqand viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Rustam Xolmurodov "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida saylovchilar bilan uchrashdi.
Tadbirda dastlab ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi va siyosiy faoliyati haqida gapirdi. So‘ngra o‘tgan 5 yilda mamlakatimizda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim, sanoat, iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohasi va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borgan islohotlar natijasi ularoq bugun Samarqand tadbirkorlar yurtiga aylanib borayotganligini alohida e’tirof etdi.
- Bugun viloyatimizda tadbirkorlar soni 3-4 barobarga ortgan, - dedi R.Xolmurodov. – Bu, albatta, yurtimizda ishbilarmonlarga yaratilgan imkoniyatlar samarasi. Tadbirkor ko‘paysa, ishchi o‘rni ko‘payadi. Ishchi o‘rni ko‘paysa, xalqimizning yashash sifati ortib boraveradi. Shavkat Mirziyoyev kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan dasturida ham Samarqandda 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish eng ustuvor vazifa qilib belgilangan. Ya’ni, kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulotni 1,4 baravarga oshirib, 90 trillion so‘mga yetkazish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Buning uchun, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali 130 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida viloyatga har yili qariyb 1 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda o‘tgan 5 yilda hayotida tub burilish yasagan islohotlar haqida gapirib, O’zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodning dasturi O‘zbekistonning jadal rivojlanishiga xizmat qilishini e’tirof etgan holda kelajak uchun Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.
O’zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi axborot xizmati.