Ishsizlik ko‘p. Bandlikni sifatli ta’minlash uchun qishloq hududlarida qanday loyiha, qanday amaliy ish qilish kerak?

Kattaqo‘rg‘on tumanida qariyb 300 ming aholi istiqomat qiladi. 112,5 ming iqtisodiy faol aholining 105 mingdan ortig‘i doimiy ish o‘rniga ega. Ammo ularning 31,5 ming nafari rasmiy band bo‘lsa, qolgan 52,8 ming nafari norasmiy ishlarda mehnat qiladi. Yana 7,5 ming aholi ishsiz hisoblanib, tumanda ishsizlik darajasi 7 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, Bunyodkor, Nayman, Jizmonsoy, Omonkalxat mahallalarida ishsizlik darajasi tuman ko‘rsatkichidan yuqoriligicha qolmoqda.

Ishsizlikni qisqartirish asosiy vazifamiz

- Ishsizlikni kamaytirish borasida bir qator rejalar ishlab chiqqanmiz, - deydi tuman hokimi Jamshid Nasriddinov. – Buning uchun avvalo, tumanning drayver sohalarini rivojlantirish va ixtisoslashtirishni tashkil etdik. Tumanimizda oziq-ovqat, elektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tikuv-trikotaj, umumiy ovqatlanish, issiqxonachilik, parrandachilik, savdo, mebelsozlik, chorvachilik, asalarichilik, uzumchilik, baliqchilik, qulupnaychilik, malinachilik sohalari yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, tibbiy va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, polimer plastmassa ishlab chiqarish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sohalari ixtisosligini rivojlantirish uchun iqtisodiyot sektori mas’ullarini biriktirdik. Ular tadbirkorlarga doimiy asosda ko‘mak ko‘rsatadi, bandlikni ta’minlashga, ish o‘rinlari yaratishga harakat qiladi. Buning natijasida 2023 yil boshida tumanda ishsizlik darajasi 11 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil birinchi yarmida 6,8 foiz, yil yakunigacha 5,7 foizga tushiriladi.

Prezidentimizning 2022 yil 21 sentyabrdagi «Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tumanimizda yirik investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga ayollar bandligi ta’minlanmoqda. Jumladan, 2023 yilda Kattaming mahallasidagi “Mobitex textile factories” MChJ tomonidan tikuvchilik korxonasi tashkil etilib, 350 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Yana 7 ta kasanachilik loyihasida ijtimoiy reyestrda turgan 155 nafar xotin-qiz bugungi kunda daromadli doimiy ish bilan ta’minlandi. Ijtimoiy daftarda turgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 23 ta tadbirkorlik sub’yektini jalb qilgan holda ishlab chiqarish kooperatsiyalari tashkil etildi. Tikuvchilik va qandolatchilik sohalarida ham 200 dan ortiq xotin-qizlar bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, chorvachilik tumanning asosiy drayveri hisoblanadi. Tomorqachilikni rivojlantirish, dehqon xo‘jaliklari tashkil etish orqali aholi bandligini ta’minlab, daromadini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, o‘tgan yili dehqon xo‘jaliklarida loviya ekishni tavsiya qildik. Buni yetishtirish va foydalanish bo‘yicha vodiylik dehqonlar tajribasini o‘rgandik. Hali hosilni to‘liq terib olmasimizdan mahsulotni buxorolik tadbirkorlar xarid qilishdi.

Qulupnaychilik tumanning yana bir drayver sohasiga aylanib ulgurdi. Bu ekindan yiliga 4 martadan ortiq hosil olinadi. Bizga esa yerdan daromad olishni gektariga besh ming dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Qulupnayning bir sotixidan mavsumda ikki million so‘m, gektaridan 200 million so‘m daromad olinadi. Bu o‘rtacha 16 ming dollar degani. Yana piyoz, no‘xat yetishtirish ham yaxshi samara beradi. Faqat mavsumiy ishchilarni legallashtirish biroz murakkabligicha qolmoqda. Misol uchun, joriy yilda tumanimizda 9 ming gektar maydon g‘alladan bo‘shadi va shundan 6 ming gektarga mosh ekildi. Ushbu ekinni yig‘ishtirish uchun gektariga o‘rtacha 600 ming so‘mdan haq to‘lanadi. Bu shuncha maydon uchun 3 milliard 600 million so‘m bo‘ladi. Paxta terimi uchun bundan ancha katta mablag‘ sarflanadi, ammo bularni legallashtirish muammoligicha qolmoqda.

80 foiz chorva mollari naslliga aylantirildi

Kattaqo‘rg‘on tumani respublikamiz va viloyatda go‘sht yetishtirish, chorva mollarini sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha ham yetakchi tumanlardan hisoblanadi. Bu yo‘nalish chorva mollari zotini yaxshilash va importni qisqartirish imkonini beradi. Misol uchun, joriy yilda tumanda qoramollarni sun’iy urug‘lantirish orqali 14 ming bosh naslli buzoq olingan. Bu esa Yevropa davlatlaridan valyuta hisobiga keltiriladigan importni qisqartirish imkonini berdi.

- 2022 yilda tumanimizdan ikki nafar mutaxassis Moskva shahrida chorva naslini yaxshilash bo‘yicha malaka oshirdi, - deydi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i G‘iyos Murodullayev. – So‘ngra Rossiyadan chorva mollarini tekshirish uchun 2 ta UTT apparati olib kelindi. Hozir tumanda 181 mingdan ortiq qoramol boqilayotgan bo‘lsa, ularning 10 mingdan ortig‘i 127 ta chorvachilik xo‘jaligida parvarishlanadi. Mutaxassislarimiz tomonidan kuniga 30-35 bosh chorva moli sun’iy urug‘lantirilmoqda. Buning natijasida keyingi yillarda tumandagi chorva mollarining 80 foizga yaqini naslli qoramolga aylantirildi. Joriy yilda «Tojinor momo» chorva fermer xo‘jaligi Estoniya davlatidan har biri 45 million so‘mdan 45 bosh buqa, «Agro Breding» chorva fermer xo‘jaligi Qirg‘iz Respublikasidan har biri 29 million so‘mdan 68 bosh sog‘in sigir olib keldi. Bu albatta, tumanda chorvachilikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tomorqadan 70 million so‘m daromad

Tumanning Jonkel mahallasida yashovchi Ilhom Imomov tomorqadan daromad olishni yaxshi o‘zlashtirgan bog‘bonlardan. U Tavaron mahallasida hokim yordamchisi bo‘lib ishlash bilan birga turmush o‘rtog‘i Qunduz Boboqulova bilan 10 sotix tomorqasida uzumchilik va asalarichilikni yo‘lga qo‘ygan.

- Yangi uyga ko‘chib chiqqan paytlarimizda 100 tupdan ortiq «Kelinbarmoq», «Rizamat ota» va «Husayni» kabi uzum ko‘chatlarini ekdik, - deydi I.Imomov. – O‘tgan yili 3 tonna uzum hosilining o‘zidan 45 million so‘m, yana 28 oila asalari boqishni yo‘lga qo‘yib, 300 kilogramm asal oldik va 30 million so‘m daromadga ega bo‘ldik. Bu yil ham uzum va asal hosilidan 60-70 million so‘m daromad olishni mo‘ljallab turibmiz. O‘zim Tavaron mahallasida hokim yordamchisi bo‘lib ishlayman, tomorqada esa dam olish kunlari mehnat qilaman. Agar o‘zim tomorqadan daromad topishni bilmasam, odamlarga qanday qilib buni targ‘ib qilaman. Axir quruq gap bilan biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Orttirgan tajribamni ular bilan bo‘lishaman, bilmaganlarimni o‘rganaman. Shu yo‘sinda vazifamni ham uddalayman, tomorqada ham mehnat qilaman.

Mahallalarning ixtisoslashuvi samara beryapti

Tumanda 3 ta yirik parrandachilik xo‘jaligi bor va ularda ishlagan ishchilardan ikki mingdan ortig‘i xonadonida ming boshgacha parranda boqishni yo‘lga qo‘ygan. Umuman, tumandagi 69 mahallaning barchasida broyler zotli parranda boqiladi. Soha mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir xonadonda kamida 300 bosh parranda boqish mumkin va bu parrandadan oyiga 9 million so‘m daromad, 3 million so‘m sof foyda olish mumkin. Birgina Melixo‘ja mahallasidagi 76 xonadonning har birida mingdan ortiq parranda boqiladi.

- 2022 yildan davlatimiz rahbarining tashabbusi va tegishli qarorlari bilan ishsiz aholiga yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Rustam Rahmonov. - Tumanimizda hozirgacha 5,5 ming aholiga 2300 gektarga yaqin yer maydoni ijaraga berildi va kartoshka, sabzi, piyoz, ko‘kat, sarimsoqpiyoz, qulupnay, no‘xat kabi xaridorgir ekinlar ekildi. Misol uchun, 2022 yilda aholiga ajratilgan yer maydonlaridan 5,5 ming tonnaga yaqin mahsulot olingan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 9200 tonnadan ortdi. Bu aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish bilan birga qo‘shimcha mahsulot yetishtirish imkonini ham berdi. Shuningdek, o‘tgan yili 4226 gektar asosiy, 2380 gektar takroriy ekindan 57 ming tonna mahsulot olindi va 24 ming tonnasi eksport qilindi. Bu yil dehqon xo‘jaliklarida 2025 yil hosili uchun 5 ming gektar maydonda to‘qsonbosti ekinlar ekilmoqda va olinadigan 70,8 ming tonnadan ortiq hosilning xaridi bo‘yicha qayta ishlovchi korxonalar bilan shartnomalar tuzildi.  

Tumandagi 60,5 ming aholi xonadonida 6,6 ming gektar tomorqa maydonining 5834 gektariga ertagi ekinlar ekilib, 113,8 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi. Misol uchun, tumanimizning Qumoq mahallasidagi 4800 dan ortiq aholi qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Valijon, Qushtepa, Tavaron, Qirg‘iz mahallalari ham qulupnaychilikka ixtisoslashgan. Mundiyon, Qoqsoy, Burgansoy, Jizmonsoy, Sebison, Qo‘shqo‘ton, Andoqsoy mahallalarida uzumchilik yaxshi rivojlangan.

Aholi xonadonlarida issiqxona qurish orqali qulupnay yetishtirishni yanada rivojlantirish maqsadida 102 ta xonadonning 2 gektar tomorqa yer maydonida issiqxonalar tashkil etildi. Mahallaga biriktirilgan «Kattaqo‘rg‘on tomorqa xizmati» MChJ tomonidan tomorqachilarga urug‘, ko‘chat yetkazish hamda yetishtirilgan mahsulotni markazlashgan holda mahalliy bozor va boshqa viloyatlarga sotish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Tomorqadan samarali foydalanishga ko‘maklashish maqsadida yilning birinchi yarmida 10 ta sug‘orish qudug‘i foydalanishga topshirildi va 7 tasiga  subsidiya ajratish uchun hujjatlar topshirilgan.

Aholi tomorqalaridan samarali foydalanishga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 3 milliard 600 million so‘m imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan va hozirgacha 400 million so‘m yo‘naltirildi. Ajratilgan mablag‘lar tomorqalarda parrandachilik, asalarichilik, issiqxona, artezian quduqlar va mineral o‘g‘it, ko‘chatlar olish uchun sarflandi.

Bandlikni ta’minlash imkoniyati bor

Tumanda yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlash imkoniyatlari bor, ammo amalda foydalanilmaydi. Nega? Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

- Tumanimizda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qarashli 3 ta kasb-hunar maktabi mavjud va ularda yiliga 500-550 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitiladi, - deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Elbek Rahimov. - Lekin ishga joylashish yoki o‘qigan kasbini egallab, hayotda o‘z o‘rnini topib ketish samaradorligi juda past. Misol uchun, 2023 yilda ushbu kasb-hunar maktablarini 521 nafar o‘quvchi tamomlab, ularning atigi 63 nafari yoki 12 foizi ish bilan ta’minlangan. Buning asosiy sababi kasb-hunar maktablari va ishlab chiqaruvchi, ish beruvchilar o‘rtasida integratsiya yo‘qligi, o‘quvchilarning darslar va amaliy mashg‘ulotlarga qiziqishi sust ekanligida. Xorijga ishga ketganlarning aksariyati kam ish haqiga ishlashi yoki kambag‘allikning asosiy sabablaridan biri kasb-hunarga ega emasligida. Ish beruvchilar va ish o‘rinlari ko‘p bo‘lsa-da, malakali kadrlar yetishmasligi, o‘rta-maxsus kasb bo‘yicha bilim yo‘qligida. Kasb-hunar maktablarida katta moddiy texnik baza bor, ammo o‘qish sifati va natija qoniqarli emasligida.

Bugungi kunda ishsiz aholini kasbga o‘qitish muhimligiga qaramasdan kasb-hunar maktablarida kasbga yaxshi o‘qitilmayotganligidan vaziyat shu holga kelib qolgan.

Buning yechimi sifatida ushbu kasb-hunar maktablarini Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufiga o‘tkazish va kasb-hunar monomarkazlariga aylantirish hamda zamonaviy kasb-hunar yo‘nalishlarini tashkil etib, o‘qitish zarur. Kasb-hunar maktablari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufiga o‘tishi natijasida bunday maskanlarda o‘qishni tamomlagan ishsizlar bandligini ta’minlash to‘liq kafolatlanishiga erishiladi. Jumladan, vazirlik va uning quyi boshqarma va bo‘limlari bilan yirik ish beruvchi korxonalar o‘rtasida hamkorlik bor. Yana kasb egallagan aholi o‘z tadbirkorligini amalga oshirishi uchun hokim yordamchilari orqali barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, vazirlik qoshidagi Migratsiya agentligi bilan xorijiy davlatlarda yuqori ish haqi mavjud ish o‘rinlariga kafolat mavjud. Dehqon xo‘jaliklari egalarini zamonaviy agronomiya sohasiga o‘qitish orqali yer maydonlarida hosildorlikni oshirishga erishish mumkin. Qolaversa, bo‘sh ish o‘rinlari doimiy Bandlik vazirligi va uning quyi tashkilotlari hamda ish beruvchi korxonalar bilan integratsiyada bo‘ladi. Bu o‘zgarish kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlashga yordam beradi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.