Ishtixonlik tadbirkorlarni nima qiynayapti?

Samarqand viloyatidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri Ma’ruf Abdurazzoqovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

– Ishlayman, o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yib elga xizmat qilaman degan insonning intilish va izlanishlari davlat e’tiborida, – deydi M.Abdurazzoqov. – Ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifamizdir. Shu bois reja-grafik asosida asosan joylarga chiqib, ishbilarmon, shijoatli kishilarni o‘ylantirayotgan masalalar, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganyapmiz.

Ishtixon tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda 41 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Tahlillarga ko‘ra, 23 ta bank va kredit yo‘nalishida, 4 ta yer ajratish va 14 ta boshqa masalalarda murojaatlar bildirilgan.

Qabul davomida murojaatlarning 8 tasi hal etilgan. Qolganlari tashkilotlar bilan birgalikda 1 hafta muddatda o‘rganib, o‘rnatilgan tartibda qanoatlantirilishi belgilangan.

Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.