Islom Karimov – xalqimizning fidoyi farzandi edi

Bugun – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi kuni.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, har yili 2 sentyabrda bu ulug‘ insonni yod etish, hayoti va faoliyatini o‘rganish bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylandi.

Bugun ham mamlakatimizda buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovni xotirlash tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ulug‘ vatandoshimiz tug‘ilib-o‘sgan Samarqanddagi marosimlar shahardagi Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qilish bilan boshlandi.

Qur’on tilovat qilindi.

Birinchi Prezidentimizning davlatimiz mustaqillikka erishishi va taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari, Samarqandda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari yodga olindi. Qisqa fursatda qurilgan mazkur majmuaning Islom Karimov xotirasini abadiylashtirishdagi ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.

Shundan so‘ng Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga viloyat va Samarqand shahar hokimligi, davlat idoralari, muassasalar va jamoat tashkilotlari tomonidan gullar qo‘yildi.

Tadbirlarda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

– Kecha barchamiz o‘ttiz yilligini keng nishonlagan Vatanimiz Mustaqilligi kuni bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liqligini yaxshi bilamiz, – deydi viloyat Nuroniylar kengashi raisi S.Usmonov. – Buni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilgan bayram tantanalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham alohida ta’kidladi. Haqiqatan ham, Islom Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida davlatimizni boshqardi. Mustaqil mamlakatimizning poydevorini qo‘yishda fidoyilik ko‘rsatib siyosat yuritdi. Shuning uchun xalqimiz doimo Birinchi Prezidentimizni yod etib, u kishi amalga oshirgan ishlar haqida faxr bilan gapiradi.

Bugun maqbara-majmua va Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydon har qachongidan ham gavjum bo‘lib, samarqandlik va yurtimizning turli hududlaridan kelgan vatandoshlarimiz buyuk davlat va siyosat arbobini yodga olmoqda.